Har bir jamiyatning insoniylik darajasi unda zaif va yordamga muhtoj insonlarga nisbatan bo‘lgan munosabat orqali baholanadi.
Hukumatning joriy yil 18 iyundagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga vaucher asosida yangi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida ijtimoiy xizmatlardan imtiyozli shartlarda foydalanish uchun vaucher berish hamda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarga “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida belgilangan ijtimoiy xizmatlardan foydalanish uchun vaucher berish hamda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solingan.
Xususan, murojaat qilish va murojaatni ko‘rib chiqish, ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchiga vaucher berish, ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatuvchiga qo‘yiladigan talablar, ijtimoiy xizmatlarning samaradorligini baholash hamda ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlarining bir qismini vaucher asosida qoplab berish shular jumlasidan.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan ijtimoiy xizmatdan foydalanish istagida bo‘lgan shaxs yoki uning vakili murojaatiga asosan, ularning ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlari baholanadi va tegishli ijtimoiy xizmat pasportida belgilangan mezonlarga mos bo‘lgan taqdirda “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida vaucher shakllantiriladi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan beriladigan vaucher bilan ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlari ijtimoiy xizmatlar pasportlarida belgilangan miqdorda subsidiya shaklida qoplab beriladi.
Ijtimoiy xizmatlar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, Agentlikning tizim tashkilotlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxslar yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan holda ko‘rsatiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA