Bugungi kunda sanoat tarmoqlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish har qanday iqtisodiyotning barqaror rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Ayniqsa, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamli boshqarish, resurslardan samarali foydalanish va sifatni oshirish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga intilgan mamlakatlar ushbu sohada jiddiy qadamlar qo‘ymoqda. O‘zbekiston ham ushbu jarayonda faol ishtirok etyapti.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi mas’ullari va elektrotexnika sanoatida faoliyat yuritayotgan qator korxonalar vakillarining Turkiya Respublikasiga qilgan xizmat safari ham ana shunday maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Bugun delegatsiya a’zolari Istanbul shahrida joylashgan “Trex Digital Manufacturing” kompaniyasida bo‘lib, zamonaviy sanoat boshqaruvi texnologiyalari, jumladan, MES (Manufacturing Execution System) tizimi bilan yaqindan tanishdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu xizmat safaridan ko‘zlangan maqsadi ishlab chiqarishni raqamli boshqarish, jarayonlar samaradorligini oshirish, mahsulot sifati va ishlab chiqarishda shaffoflikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydigan MES tizimining amaliy qo‘llanilishi bilan tanishish hamda uni O‘zbekistondagi elektrotexnika sanoatiga joriy etish istiqbollarini muhokama qilishdir.
Muzokaralar chog‘ida mazkur tizimning ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqtda boshqarishdagi ahamiyati, mahsulot sifati ustidan raqamli nazoratni tashkil etish imkoniyatlari, operatsion xarajatlarni qisqartirish va tannarxni optimallashtirish bo‘yicha turk kompaniyasining tajribasi keng muhokama qilindi. Shuningdek, avtomatlashtirilgan boshqaruv usullari va ish jarayonidagi shaffoflikni ta’minlash mexanizmlari bo‘yicha aniq misollar asosida fikr almashildi.
– Mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 22 yanvardagi “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, sanoatni raqamlashtirish sohasidagi amaliy qadamlardan biri hisoblanadi. Ayni paytda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan elektrotexnika tarmog‘ida zamonaviy raqamli yechimlarni joriy qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda, –dedi uyushma axborot xizmati rahbari Namoz Tolipov.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida O‘zbekistondagi elektrotexnika korxonalarida MES texnologiyasini bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan hamkorlikning texnik va iqtisodiy yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA