Ko‘zimizga bepoyon bo‘lib ko‘rinadigan, uning bir qismidan o‘zboshimchalik bilan foydalansak, davlatga zarar yetkazilmaydigan bo‘lib tuyuladigan yer umummilliy mulkimiz. Har qarichining hisob-kitobi bor. Bu boylikni asrab-avaylab, oqilona foydalanish barchamizning fuqarolik burchimiz.
Joriy yil 15 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni ham yerga bo‘lgan munosabatlarda mas’uliyat hissimizni yanada oshirdi. Davlat mulki bo‘lgan bu boylikni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirishning oqibatlari aniq belgilab qo‘yildi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatida ham qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar targ‘ib qilinib, yerga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Mazkur qonun bilan yerga oid huquqbuzarliklarni bartaraf etish mexanizmlari yanada takomillashtirildi, – deydi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i M. Abdirahmonov. – Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Qonunchiligimizda yuz bergan bu yangilanishlar yer uchastkalaridan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlash, o‘zboshimchalik bilan yer egallash hamda noqonuniy imorat qurish holatlariga chek qo‘yishga xizmat qiladi. Qonun buzilishlarga nisbatan ta’sir choralarining mutanosibligi va yetarliligini ta’minlaydi.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlar davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkalarini qaytarish va noqonuniy imoratlarni buzish bo‘yicha ish yuritishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilab berdi. Prokuratura yoki vakolatli davlat organi o‘zboshimchalik bilan egallangan davlat yerlarini qaytarish va qurilmalarni buzish haqida sudga da’vo arizasi kiritish huquqiga ega bo‘ldi. Endilikda davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkasini qaytarish va o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzish to‘g‘risidagi da’vo arizasiga dalolatnoma, vakolatli organ tomonidan qonunbuzarlik tasdiqlangan hujjat, ogohlantirish xati, vakolatli organ tomonidan qonunbuzarlikni ixtiyoriy bartaraf etish (buzish) bo‘yicha xabar, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotlar, huquqbuzarlik sodir etilganini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi kerak bo‘ladi. Holat sud ishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida ajrim chiqargan kundan e’tiboran 20 kun ichida ko‘rib chiqiladi.
– Yerga oid qonunchilikda yuz bergan o‘zgartish va qo‘shimchalar yer uchastkalarini to‘g‘ri boshqarish, noqonuniy harakatlarni bartaraf etish va fuqarolar uchun qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi, – deya suhbatni davom ettiradi M.Abdirahmonov. – Ikkinchidan, yer qonun buzilish holatlari uchun javobgarliklar yanada kuchaytirildi. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi 2-qismi bilan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olinsa fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari, mansabdor shaxslarga esa yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi. Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi 3-qismiga binoan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlari amalga oshirilsa, fuqarolar bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa to‘rt yuz baravari miqdorida jarimaga tortiladi.
Nazoratchilarning aytishicha, keyingi yillarda yerga oid qonunchilikning mustahkamlanayotgani yer maydonlaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanishni kamaytirayotgan bo‘lsa-da, joylarda ba’zan umummilliy boylikning g‘ayriqonuniy egallanishi bilan bog‘liq holatlarga ham duch kelinmoqda. Masalan, Kadastr agentligi Termiz tuman bo‘limi nazoratchilarining navbatdagi tadbiri chog‘ida tumanning Qahramon mahallasida yashovchi Sirojiddin Qutbiddinov (ism-sharif o‘zgartirildi) ichki yo‘l muhofaza hududiga tegishli bo‘lgan 0.01 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, 28 metr uzunlikda devor to‘sig‘i qurib olgani aniqlandi. Holat yuzasidan noqonuniy qurib olingan devor to‘sig‘iga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 60-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qarori qabul qilindi. 15 kun muddatda noqonuniy qurilishni bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berildi. Masalaning jiddiyligini his qilgan S. Qutbiddinov o‘zboshimchalik bilan qurib olgan devor to‘sig‘ini o‘z hisobidan bartaraf etib, yer maydonini asl holatiga qaytardi.
Xullas, mamlakatimizda yerga oid huquqbuzarliklar nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka ham olib keladi. Bunday ko‘ngilsiz oqibatlarga duch kelmaslik uchun umummilliy boylikka ko‘z olaytirib, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishdan tiyilish lozim, xolos.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri