Mamlakatimizda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosi doirasida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashida shu toifadagi 259 ta ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar e’tirof etilgan. Hozir yana 166 ta o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlar mahalliy Kengashda qonuniylashtirilishi kutilmoqda.
Qonun 2018 yil 1 may kuni ya’ni, 2018 yildagi “bir martalik aksiya”gacha fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga, 2018 yil 1 may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi, unda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etishga qaratilgani bilan barchaning e’tiborini tortdi. Shu davrda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarda uy-joy barpo etgan yurtdoshlarimizni o‘ylantirib kelayotgan muammoga chek qo‘yayotgani xalqimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Qonun, shuningdek, “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish nihoyasiga yetmagan yer uchastkasi, unda qurilgan bino va inshootlarga, 2021 yil 8 iyun ya’ni, hokimlarning vakolati bekor qilinguniga qadar tuman, shahar hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tasdiqlamagan yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni e’tirof etishi bilan yurtimizda inson manfaatlari ulug‘lanayotganini keng namoyon etdi. Huquqlarni e’tirof etishda yer uchastkasi boshqa shaxsga ajratilmagani yoki auksionga chiqarilmagani, yer uchastkasidan foydalanishda nizo yo‘qligi, yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi, muhofaza zonasi, sug‘oriladigan yerda joylashmagani, bosh reja talablariga zid emasligi kabi qator shartlar belgilangan.
Qonunning ijrosini ta’minlash uchun Surxondaryo viloyatida ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, vohada qonunning mazmun-mohiyati keng targ‘ib qilinib, uning tartib-taomillari tushuntirilayotir. Mahallalarni xatlovdan o‘tkazish reja-jadvali ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
– Shunga ko‘ra, viloyatda o‘tgan yil 41 ta mahallada xatlov o‘tkazilib, qonunda belgilangan muddatgacha o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlar aniqlandi, – deydi kadastr agentligi viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Behruz Safarov. – Shu paytgacha 147 ta mahallaning chegarasi tasdiqlanib, “Uzkad” axborot tizimiga kiritildi va 38 ming 716 ta ko‘chmas mulk ob’ektida xatlov ishlari olib borildi. Xatlovdan o‘tkazilgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining 28 ming 581 tasi “Uzkad” axborot dasturiga kiritildi. 20 ming 295 tasi “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuborildi. Ayni paytda “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi ko‘chmas mulkning 15 ming 313 tasi muhokama jarayonida. 2 ming 730 tasi e’lon qilingan. 330 tasi adliya organlarida ko‘rib chiqilmoqda. 445 tasi tahrirlash bosqichida bo‘lib, 750 tasining to‘lovi kutilmoqda. 166 ta ko‘chmas mulk qaror chiqarish jarayonida turibdi. Tegishli tashkilotlarning ijobiy xulosasi asosida 259 ta ko‘chmas mulk huquqini xalq deputatlari viloyat Kengashi rasman e’tirof etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda eng ko‘p xatlovga olingan ko‘chmas mulk Denov tumaniga to‘g‘ri kelmoqda. Hududda 5 ming 239 ta bino va inshoot xatlovdan o‘tkazildi. Keyingi o‘rinni 4 ming 273 ta ko‘chmas mulk xatlanib, Jarqo‘rg‘on tumani egallamoqda. Qumqo‘rg‘on tumanida esa 3 ming 73 bino va inshootda xatlov o‘tkazildi. Termiz shahri, Sariosiyo, Oltinsoy, Termiz, Sho‘rchi, Muzrabot, Sherobod tumanlarida ikki mingdan ortiq va uch mingga yaqin bino hamda inshoot xatlovdan o‘tkazilgani qayd etildi. Bandixonda 1 ming 778 ta, Boysun tumanida 1 ming 722 ta, Uzunda 1 ming 994 ta, Angor tumanida 1 ming 671 ta, Qiziriq tumanida 1 ming 746 ta ko‘chmas mulk xatlovga olindi.
Joriy yilda belgilangan reja-jadval asosida viloyatdagi 153 ta mahallada xatlov ishlari olib borilmoqda. Vohada qonunda belgilangan muddatlarda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari, ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan egalik huquqi qonuniylashtirilayotgani ayrim yurtdoshlarimizning uzoq yillik hal bo‘lmay kelayotgan mulk huquqlarining yechimini topishga xizmat qilmoqda. Odamlar qalbida bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashash hissini oshirib, inson qadri ulug‘lanayotgan adolatli jamiyat barpo etilayotganiga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri