O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2020 yil 7 sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari bilan yerlarni, asosan sug‘oriladigan yerlarni asrash bo‘yicha bir qancha vazifalar belgilab berildi.
Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, uning shahar va tumanlardagi bo‘limlari tomonidan joriy yil boshidan 15 noyabr kunigacha jami 1372 holatda 244,9 gektar yer maydoni fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi. Bu bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ularning har biriga ogohlantirish xati berildi.
– Ko‘rilgan choralar natijasida 1052 holatda 93,2 gektar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydoni davlat yer zaxirasiga qaytarildi, – deydi Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Paraxat Seytmuratov. – Qolgan 320 holatdagi 131,7 gektar yer maydonini bosh yer zaxirasiga qaytarish chorasi ko‘rilmoqda. 187 holatdagi 114,4 gektar yer maydoni bo‘yicha sudlarga davo arizasi kiritildi. Sug‘oriladigan yerlarda noqonuniy qurilish ishlari olib borilgani uchun 35 ta holatdagi 1,6 gektar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar prokuraturaga o‘tkazildi.
Shu bilan birga Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi shahar va tuman bo‘limlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli moddalari bilan 3 ming 394 jismoniy va yuridik taraflarga 8 milliard so‘mdan ziyod jarima qo‘llanildi.
Belgilangan rejalar asosida Orolbo‘yi hududida noqonuniy yer egallashning oldini olish ishlari davom etmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri