Vatan ramzlari ulug‘ va muqaddas. Xususan, millat bayrog‘i xalqni yakdillikka, ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashishga undab turadi. Bugun davlatimiz suvereniteti ramzlaridan biri – O‘zbekiston Respublikasi “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga 33 yil to‘ldi.
Yurt bayrog‘ini vatandan olisda yurganlar o‘zgacha qadrlashadi. Mazkur sana munosabati bilan xorijiy o‘lkalarda o‘qiyotgan, vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz fikri bilan qiziqdik.
Mushtariy Qalandarova, Germaniyaning “Ludwig Maximilian” universiteti magistranti:
– Davlat ramzlari mustaqillikni ifodalovchi muqaddas belgilardir. Jumladan, xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishini o‘zida mujassam etgan respublikamiz ramzlari ham tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga ishonch ifodasidir.
Haqiqatan, hayotimizda ramz va timsollarning o‘rni beqiyos. Zero, bu or-nomus, shon-sharaf masalasi. Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini yaxshi bilamiz. Bu buyuk qahramon hech qachon tildan tushmaydi, hanuz xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi.
Yurt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamagan Kubro qo‘lida mahkam tutgancha, jon bergan. Tug‘ini jonidan ortiq asragan To‘maris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi sarkardalar hayoti ham avlodlarga katta ibrat. Aslida bayroqni ko‘zga surtish, to‘tiyo qilish Vatanni sevish, aziz tuproq uchun jonni fido qilishga tayyor bo‘lish, degani.
Mustaqil davlatimiz bayrog‘i va boshqa davlat ramzlari bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib turishini yodda saqlaylik...
Shohruh Sirojiddinov, Yaponiya poytaxti Tokio shahridagi global investitsiya kompaniyasi xodimi:
– Biz uchun mustaqillikning muqaddas ramzi – davlatimiz bayrog‘i doimo aziz. Bayrog‘imiz baland-balandlarda hilpiraganda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhiy quvvat olamiz, qalbimizda g‘urur, buyuk istiqbolga yuksak ishonch tuyg‘usini his etamiz.
Xalqning asriy orzu-istaklari, g‘ayrat-shijoatini mujassamlashtirgan bayrog‘imiz ozodlik timsoli, milliy iftixor ramzi. Davlatimiz bayrog‘ini Vatan suratiga qiyoslasak bo‘ladi. Zero, O‘zbekiston quyoshli o‘lka, buyuk tarix, ma’naviyat va madaniyat yaralgan zamin.
Davlatimiz bayrog‘i xalqimiz irodasini toblab, elni ezgulik, ulug‘ va buyuk maqsadlar sari birlashtirib, xalqimizga ruhiy quvvat beradi. Ulug‘vorlik, ezgulik, tariximiz aks etgan milliy bayrog‘imiz juda chiroyli.
Mardlik va buyuklik martabasi aks etgan bayrog‘imizga nigoh tashlaganda har bir vatandoshimiz qalbi g‘ururga to‘ladi. Shu bois, bayroq davlat ramzi sifatida buyuk kelajak, yorug‘ istiqbolni mujda qilayotgandek, mudom zalvorli hilpiraydi.
Mohinur Mannonova, AQSH Arizona universiteti talabasi:
– Bayroq – insoniyat tarixini aks ettiradigan beqiyos timsol. Chunonchi, dastlabki bayroqlar olis o‘tmish qa’rida, eramizdan avvalgi III-II ming yillikda paydo bo‘lib, qabilalarni bir-biridan farqlab ko‘rsatuvchi belgi sifatida qo‘llangan. Keyinchalik hukmdor, lashkarboshilar kuch-qudratini bildiradigan ramzga aylangan.
Umuman, bayroq qadimdan har bir xalq, millat uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lgan. Ajdodlarimiz ham yurt tug‘ini muqaddas bilib, ko‘z qorachig‘idek asragan. Bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoliga aylangan.
Mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i qadim tariximiz, milliy-madaniy an’analarimizni o‘zida mujassamlashtirgan. Yaxshilik, shon-shuhrat, sadoqat, poklik, navqironlikni aks ettirgan.
Feruzbek Saidov, Hindistonning Haydarobod markaziy universiteti aspiranti:
– Har bir insonni katta ishlarga ruhlantirish, qalbida milliy g‘urur tuyg‘usini uyg‘otishda davlat ramzlari muhim o‘rin tutadi. Jumladan, davlatimiz bayrog‘i yaxshilik, donishmandlik, poklik, sadoqat, go‘zallik, tinchlik, yangilanish kabi tushunchalarni o‘zida mujassam etgani bilan alohida ahamiyatga ega. Shunday ekan, yurtimiz bayrog‘ini ko‘z qorachig‘idek asrash, ulug‘lash va yuksaklarga ko‘tarish har birimizning Vatan oldidagi burchimizdir.
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida keng nishonlanayotgan kun mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, taraqqiyot yo‘limizni belgilashda ishonchli qadam bo‘lishi bilan birga, xalqimizning erkin va ozod, baxtli va farovon hayot kechirishi, buyuk kelajak sari ildam odimlashga undaydi.
Ayniqsa, yurtimizda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, yuksak muvaffaqiyatlarga erishilayotgan, mamlakatimizning dunyo hamjamiyatida nufuzi oshib borayotgan so‘nggi yillarda bu kunning ahamiyati yanada ortgan. Yoshlarimiz xalqaro tadbirlarda, sport musobaqalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishi har bir vatandoshimiz ko‘ngliga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
Shohida Yusupova, Italiyaning Siyena universiteti magistranti:
– Har gal hilpirab turgan bayrog‘imizga cheksiz g‘urur bilan nigoh tashlarkanmiz, yuragimizda faxr tuyg‘usi uyg‘onib, ruhiyatimiz ko‘tariladi. Dunyoning har qanday nuqtasida O‘zbekistondek himoyachimiz, suyanchig‘imiz borligini his etamiz.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan kun xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan ham g‘urur va iftixor bilan keng nishonlanadi.
Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Buyuk ajdodlarimiz yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, ardoqlagan, ko‘z qorachig‘idek asragan.
Hozirgi tinch va osoyishta davrda esa davlatimiz bayrog‘i mustaqillik va milliylikni aks ettirib, vatanimiz hududlarida viqor bilan hilpirab turishi har birimizga quvonch, faxr baxsh etadi.
Zero, davlat ramzlari ona Vatan kabi aziz va muqaddas bo‘lib, xalqning tarixi, buguni va kelajagini ifodalaydi.
O‘tkir Alimov yozib oldi.
O‘zA