“O‘zbekneftgaz”da favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik choralari kuchaytirilmoqda
Bugungi kunda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularga tezkor va samarali javob qaytarish masalalari barcha yirik ishlab chiqarish tizimlari uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimida fuqaro muhofazasiga oid tadbirlarni tizimli ravishda tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayni kunlarda jamiyat tizimida “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasining maxsus bayoni hamda jamiyat buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Shu asosda, joriy yil 1-apreldan 1-mayga qadar jamiyat tizimida tashkiliy va amaliy ishlar izchil davom ettirilyapti. Oylik davomida tasarrufdagi barcha ob’ektlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar yanada kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, xodimlar hamda ishlab chiqarish ob’ektlari xavfsizligini ta’minlash, quyi tizim boshqaruv organlari va tegishli kuch hamda vositalarning tayyorgarlik darajasini oshirishga alohida urg‘u berilmoqda. Bu borada barcha yo‘nalishlarda tizimli nazorat va amaliy tayyorgarlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, jamiyat tizimida o‘quv mashg‘ulotlari, seminarlar va davra suhbatlari muntazam tashkil etib borilyapti. Korxona va tashkilotlarda rahbarlar hamda ishchi-xizmatchilarning favqulodda vaziyatlarda, jumladan, kuchli zilzilalar vaqtida to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tizimli ravishda o‘tkazilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA