“O‘zbekneftgaz” va “Bank of China” moliyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda
Tokio shahrida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya hamda “Bank of China”ning Yaponiyadagi vakolatxonasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida “O‘zbekneftgaz” AJning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, kredit portfelini optimallashtirish va moliyaviy xarajatlarni kamaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan davlat kafolati ostida avval jalb qilingan yuqori foizli kreditlarni qayta moliyalashtirish bo‘yicha “Bank of China” bilan mandat bitimi imzolandi. Shuningdek, qayta moliyalashtirish jarayonining asosiy shartlari bo‘yicha tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishildi.
Mazkur mexanizmni amalga oshirish orqali jamiyatning kredit majburiyatlarini samarali boshqarish, foiz xarajatlarini kamaytirish hamda moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Kelishuv O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi muvofiqlashtiruvchi komissiya tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati ma’lum qilishicha, uchrashuvda uzoq muddatli investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro moliyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, istiqbolli loyihalar doirasida hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA