O‘zbekistonning Yevropa bozoridagi ishtiroki kengaymoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning Fransiyaga davlat tashrifi jahon hamjamiyati e’tibori markazida bo‘lib turibdi. Markaziy Osiyoning Yevropa bilan hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etilayotgan mazkur tashrif siyosat, iqtisodiyot, fan-ta’lim va madaniyat sohalarida yangi marralarni belgilab bermoqda.
Xalqaro tashkilotlar rahbarlari davlatimiz rahbarining siyosatini olqishlamoqda. Jumladan, Belgiyaning “Travel Tomorrow” kompaniyasi bosh direktori va asoschisi Antonio Buskardini 10 mart kuni Parij shahrida bo‘lib o‘tgan va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlashda muhim voqeaga aylangan O‘zbekiston-Fransiya turizm forumida ishtirok etganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
— Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu galgi tashrifi O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasida nafaqat siyosiy-iqtisodiy, balki turizm, madaniyat, biznes sohalarida ham strategik sheriklik mustahkamlanib borayotganidan dalolat, — deydi mutaxassis. — Bryusselda ham turizm va sarmoyaga bag‘ishlangan forum o‘tkazilishidan umidvormiz. Zero, bunday tadbirlar O‘zbekistonning ko‘hna qit’a bozoridagi ishtirokini kengaytirish, asosiy manfaatdor tomonlarni jalb qilish hamda Yevropa institutlari va biznes sub’ektlari bilan yangi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun qulay maydonga aylanishi mumkin.

Ta’kidlash joiz, turizm yurtimiz iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Bunday anjumanlar mamlakatimizning noyob, diqqatga sazovor joylarini targ‘ib qilish, yangi sarmoyaviy sheriklarni jalb qilish uchun adoyib imkoniyatdir.
Janob Buskardini so‘nggi yillarda Fransiyaning eng yirik televizion tarmog‘i "TV5-Monde" uchun oltita hujjatli film suratga olish orqali O‘zbekiston va Fransiya aloqalarini mustahkamlashga hissa qo‘shgan. Bu kartinalar respublikamizni fransuz tilida so‘zlashadiganlar o‘rtasida tanitishga xizmat qiladi, diyorimizning boy madaniy merosi, tarixiy obidalari va faol turizm sohasini keng targ‘ib etadi.
Kompaniya rahbari e’tirof etishicha, davlatimiz 2024 yil rekord darajadagi 10 million xalqaro sayyoh qabul qildi. Bu holat mamlakatning o‘ziga xos jahon sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi jozibadorligini namoyish etdi.
— O‘zbekiston turizmni rivojlantirishdan tashqari, mehmonxona sektori, infratuzilma va barqaror sayyohlik loyihalarini amalga oshirish uchun Fransiya investitsiyasini faol ravishda jalb qilyapti, — deya qo‘shimcha qildi u. — Fransiya biznesi va sayyohlik kompaniyalari bilan aloqani mustahkamlash yuqori sifatli turizm xizmatini kengaytirish hamda ko‘plab yurtlardan sayyohlarning yangi to‘lqinini jalb etishda asosiy omil bo‘lmoqda.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA