O‘zbekiston iqtisodiyotida turizmni strategik darajaga ko‘tarish, ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va hajmini keskin ko‘paytirish, fuqarolarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash va ularning daromad manbaini kengaytirish borasida Turizm qo‘mitasi tomonidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari asosida maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning ortda qolgan davri mobaynida mamlakat turizmi salohiyatini xorijda keng targ‘ib etish va ichki turizm oqimini oshirish maqsadida xorijiy va mahalliy telekompaniyalar va internet platformalari bilan hamkorlikda qator loyihalarga qo‘l urildi. Xitoyning “Ctrip.com” kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatilib, “Ctrip.com” internet platformasi orqali O‘zbekiston turizm salohiyati keng targ‘ib qilinmoqda.
“Voyage Prive” kompaniyasi tijoriy hamkorlik shartlari asosida o‘zining platforma imkoniyatlaridan va keng auditoriyasidan foydalangan holda Fransiya, Italiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya davlatlarida PR -kompaniyalarini tashkil etish va turistlar oqimini O‘zbekistonga yo‘naltirish bo‘yicha hamkorlikka erishildi. “O‘zbekiston mehmondo‘stligi va jozibador manzillarini innovatsion videoroliklar orqali kashf qilish” loyihasi bo‘yicha Germaniyaning “World Media” kompaniyasi bilan hamkorlik qilinmoqda. Loyiha doirasida “Blue Sky” eksklyuziv televizion sayohat dasturida eng mashhur nemis sayyohlik boshlovchisi Kay Pätzmann bilan “Sky one” platformasida debyut ko‘rsatuv efirga uzatiladi.
Shuningdek, dunyo bo‘ylab umumiy auditoriyasi 2,5 milliarddan ortiq bo‘lgan Britaniyaning “BBC” va “Wanderlust” kompaniyalari, Yevropaning “Euronews”, AQSHning “Amadeus” raqamli onlayn platformasi bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, Birlashgan Arab Amirliklarining “Holiday factory” sayyohlik kompaniyasi va “Visa Fasilitation Servises Global” (VFS Global) ma’muriyati, “Numa GmbH” kompaniyasi, markaziy Yevropaning uch davlati Germaniya, Avstriya va Shveysariyaga tegishli “Best in Travel 2024” loyihasi orqali O‘zbekistonda turizm sohasini yanada rivojlantirish va turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, “EVERCOM” xizmatidan foydalangan xolda Ispaniyadagi turizm sohasidagi professional xaridorlarni jalb qilish, ATOR – Rossiya turoperatorlari uyushmasining raqamli onlayn platformasi orqali har oy maqolalar va bannerlarni ishlab chiqish va O‘zbekistonning turizm salohiyati va jozibadorligini targ‘ib qilishga doir loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Respublikaning turistik salohiyatini targ‘ib qilish va turistlar oqimini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 28 ta xorijiy davlatdagi diplomatik vakolatxonalariga mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari joriy yilning 10 oyi davomida 14 ta xalqaro turizm yarmarkasida milliy turizm stendi va tadbirkorlik sub’ektlari ishtiroki ta’minlandi. Buyuk Britaniya, Malayziya va Tojikiston davlatlarida Qo‘mita tomonidan madaniy tadbirlar tashkil etilib, mamlakatimizning gastronomik turizm imkoniyatlariga doir taqdimotlar o‘tkazildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA