«O‘zbekkino» va «Mir» teleradiokompaniyasi tomonidan «Hamkorlik bo‘yicha navbatchi» («Dejurnыy po Sotrudnichestvu») hujjatli filmi suratga olindi.
Bugun videokonferensaloqa formatida muhim siyosiy tadbir – MDH davlatlari hukumat rahbarlarining kengashi bo‘lib o‘tadi. Ma’lumki, joriy yilda O‘zbekiston MDHga raislik qilmoqda. Rossiyaning uch telekanali – «Mir», «Mir 24» va «Mir premium»da ushbu tadbir uchun maxsus ravishda «Hamkorlik bo‘yicha navbatchi» hujjatli filmi namoyish etiladi.
26 daqiqalik filmda O‘zbekiston va MDH davlatlarining nafaqat 2020 yildagi, balki mamlakatimizning MDH davlatlari bilan uzoq yillik munosabatlari davomidagi hamkorligi haqida hikoya qilinadi.
Filmni yaratish jarayoni haqida ssenariy muallifi va rejissyor Irina Kuzminskaya shunday deydi:
– Oramizdagi masofa 3 ming kilometr, lekin biz buni uddaladik. Film ustida sirtdan ishlash – men uchun birinchi tajriba. Ammo masofadan ishlash sharoitida ham, fikrimcha, juda munosib material tayyorlay oldik. O‘zbekiston Respublikasi 2020 yilda MDHga raislik qilayotgani «Hamkorlik bo‘yicha navbatchi» filmini suratga olish uchun bosh sabab bo‘ldi. Bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirildi, film g‘oyasi o‘ylandi, suratga olish jarayonlari rejalari tuzildi, prodyuserlar bilan ularning sanalari kelishildi.
Aprel boshida «Mir» davlatlararo teleradiokompaniyasi suratga olish guruhi O‘zbekistonga uchib borishi, «O‘zbekkino»dagi hamkasblari bilan suratga olish ishlariga kirishishi kerak edi, Biroq koronavirus pandemiyasi bizning rejalarimizni yo‘qqa chiqardi, chegaralar yopildi.
Hamdo‘stlik davlatlarida karantin joriy etildi. Lekin shunga qaramay «O‘zbekkino» va «Mir» teleradiokompaniyasi hamkorlikdagi loyihadan voz kechmadi. Suratga olish jarayonlarining asosiy yuki «O‘zbekkino» zimmasiga tushdi, tashkillashtirish va muvofiqlashtirish jarayoni bilan ham Moskva, ham Toshkentdan bir vaqtda shug‘ullandi. Biz zamonaviy O‘zbekistonni, uning jadal sur’atlar bilan rivojlanishi, o‘z ishiga fidokor insonlari, o‘ziga xos madaniyati, betakror tabiatini qiziqarli va keng ko‘lamda namoyish etishni istagandik.
Afsuski, barcha o‘ylaganlarimiz ham amalga oshmadi... Aniq bilamanki, fan va tibbiyot “COVID-19”ni yengadi, chegaralar ochiladi va biz, albatta birgalikda ishlay olamiz. Va baxt haqida katta hujjatli film suratga olamiz. Nima uchun baxt haqida deysizmi? Hozircha bu haqda gapirmay qo‘ya qolay, biroq «Hamkorlik bo‘yicha navbatchi» filmida bu mavzuga ozgina ishora qilib ketamiz».
Kuzminskaya chin dildan ushbu loyihani amalga oshirishga aloqador bo‘lgan insonlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
– Mazkur filmni tayyorlash borasida «O‘zbekkino» bosh direktori Firdavs Abduxoliqov va MDH Ijroiy qo‘mitasi Raisi Sergey Lebedev o‘rtasida 2019 yilning dekabrida kelishuvga erishilgan edi. Biz «Mir» telekompaniyasiga ushbu loyihani amalga oshirishda baholi qudrat yordam ko‘rsatgani uchun katta minnatdorlik bildiramiz.
Film koronavirus pandemiyasi tufayli yangi format va yondashuvlarga tayangan holda, noodatiy ish tartibi va sharoitlarida yaratildi. Rossiyalik ijodkorlar mamlakatdan chiqmagan holda «O‘zbekkino» operatorlari, rejissyorlari va hujjatli film mutaxassislari yordamida film ustida ishladi, – deya qayd etib o‘tdi hujjatli filmlar DUK direktori Bahodir Odilov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda film o‘zbek tiliga dublyaj qilinmoqda. Bu jarayon yakuniga yetgach, film barcha milliy telekanallarda namoyish etiladi.