O‘zbekistonning Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Markaziy Osiyoda olib borayotgan faol va tashabbuskor siyosati mintaqani tubdan o‘zgartirish, uni yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va barqaror rivojlanish makoniga aylantirishdir.
Bugungi kunda ekspertlar hamjamiyatida sinchiklab o‘rganishni talab qiladigan Markaziy Osiyo hodisasi Mirziyoyev doktrinasi deb nomlanishiga asos bo‘ldi.
Dunyoda keskinlik, qarama-qarshilik va mojarolar kuchayib borayotgan bir sharoitda Markaziy Osiyo barqarorlik oroli bo‘lib qolayotir. Bundan tashqari, u barqaror rivojlanish dinamikasini namoyon etib, tahdidlarni muvaffaqiyatli yengib o‘tayotgani barqarorlikni saqlashga muhim hissa qo‘shmoqda.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Yangi Markaziy Osiyo: global transformatsiyalar davridagi xavf-xatarlar va imkoniyatlar» mavzusidagi nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada bu kabi fikrlar bot-bot takrorlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Germaniyaning Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiyada Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika, Yaqin Sharq yetakchi tahliliy markazlari rahbarlari va yetakchi ekspertlari ishtirok etdi. Jami 20 mamlakatdan 40 dan ziyod xorijiy delegatlar, O‘zbekistondan yetakchi ilmiy, akademik, ta’lim va tahliliy muassasalar rahbariyati va mutaxassislari qatnashdi.
[gallery-20203]
Tadbirning ochilishida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Yangi Markaziy Osiyo qisqa vaqt ichida o‘z imijini butunlay ijobiy tomonga burgan mintaqa ekanini alohida ta’kidladi.
Ekspertlarning fikricha, bugungi kunda mintaqadagi beshta davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik hududiga aylandi.
Mintaqa yanada barqaror bo‘lib, izchil rivojlanish trayektoriyasiga kirdi, iqtisodiy va investitsion faollik markaziga aylanib bormoqda. Bundan tashqari, u xalqaro munosabatlarning mas’uliyatli va bashorat qilinadigan sub’ekti sifatida global va mintaqaviy kun tartibidagi muammolarni hal qilishda tobora faol ishtirok etmoqda. Bu, o‘z o‘rnida, xalqaro hamjamiyatning qiziqishini orshirmoqda.
Ekspertlar hamjamiyati bu jarayonlarda asosiy rolni O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘ynashini, uning chuqur strategik qarashlari, faol va tashabbuskor tashqi siyosati Markaziy Osiyoni tubdan o‘zgartirishga hissa qo‘shishini e’tirof etdi.
Konferensiya doirasida uchta sessiyada uch xil muhim yo‘nalish ishtirokchilar e’tiborida bo‘ldi. Jumladan, birinchi sessiyada Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashning samarali modellari, mexanizmlari va vositalari, ikkinchi sessiyada Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanish trayektoriyasi jahon iqtisodiy munosabatlarining o‘zgarishi sharoitida, uchinchi sessiyada Markaziy Osiyoning madaniy-sivilizatsiya merosi: o‘zaro bog‘liq dunyoda muloqot va ishonchni mustahkamlash asosi mavzulari muhokama qilindi.
Birinchi sessiyada bugungi kunga qadar mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash imkonini beruvchi davlatlararo hamkorlikning o‘ziga xos modeli shakllangani qayd etildi. Bunda, 2017 yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi asosiy mexanizm hisoblanadi. 2018 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinayotgan mazkur format mohiyatan muhim siyosiy qarorlar qabul qilinadigan va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy vektorlari qo‘yiladigan mintaqaviy hamkorlikning arxitekturasini qo‘llab-quvvatlovchi tuzilmaga aylandi. Keyingi yillarda u Markaziy Osiyoda davlatlararo hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslarini rivojlantirish va mustahkamlashning amaliy mexanizmiga aylandi.
Joriy yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan Ostona sammitida «Markaziy Osiyo - 2040» mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingani muhim voqealardan biri bo‘ldi. Konsepsiyada mintaqadagi davlatlararo yaqinlashuv jarayonlari barqaror va ortga qaytmas tus olgani ta’kidlanib, har tomonlama hamkorlikni davom ettirishga umumiy siyosiy irodalarni hamda umumiy kelajak uchun birgalikda mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishga tayyor ekanliklarini bildiradilar.
Bunda, davlatlar global va mintaqaviy kun tartibidagi masalalarni hal etishda ziddiyatli, blokli va mafkuraviylashgan yondashuvlarni istisno qilib, barcha kelishmovchiliklar va nizolarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga sodiq ekanliklarini ta’kidladilar hamda birgalikda katta o‘zaro bog‘liq mintaqaviy bozorni, rivojlangan sanoat-ishlab chiqarish kooperatsiyasi makonini, integratsiyalashgan transport va suv-energetika tizimini, atrof-muhitni muhofaza qilish umumiy hududini shakllantirishga tayyor ekanliklarini bildiradilar.
Shu bilan birga, ekspertlar 2025-2027 yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ning qabul qilinishi mintaqa mamlakatlarining faol harakat qilishga tayyorligini namoyish etib, qabul qilinayotgan konseptual hujjatlarni amalga oshirishga intilishlarini qayt etdilar.
Ekspertlar O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2024 yil 9 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 6-Maslahat uchrashuvida ilgari surgan Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish zarurligi to‘g‘risidagi tashabbusiga alohida e’tibor qaratdi.
Mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha yagona qarashni shakllantirish Markaziy Osiyoning sub’ektivligini sezilarli darajada mustahkamlashi, mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlanishiga muhim hissa qo‘shishi, ayniqsa, global notinchlik va strategik noaniqlik davrida muhim ahamiyat kasb etishi, shunga mos ravishda mintaqaviy xavfsizlikni belgilash va ta’minlashda Markaziy Osiyo davlatlarining markaziy roli va mas’uliyatini, uning bo‘linmas, teng va keng qamrovli xususiyatini mustahkamlashi kerakligi ta’kidlandi.
Ikkinchi sessiyada siyosiy birdamlik va erishilgan yuqori darajadagi o‘zaro ishonch iqtisodiy taraqqiyotga turtki bo‘lgani ta’kidlandi. Bugungi kunda mintaqa mamlakatlari tovar ayirboshlashdan tortib ishlab chiqarish-texnologik kooperatsiyani rivojlantirish, qo‘shilgan qiymatni birgalikda shakllantirishga izchil o‘tib, jahon bozorlarida o‘z raqobatbardoshligini oshirmoqda. Natijasida Markaziy Osiyo mintaqalararo aloqa va global ishlab chiqarish zanjirlarining muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan ekspertlar joriy yil Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qilishi muhimligini alohida ta’kidladi.
Mintaqa katta iste’mol bozori, qudratli xomashyo resursi, ishlab chiqarish salohiyati va rivojlangan inson kapitaliga ega ekanligi ta’kidlandi. Xususan, mintaqada jahon uran zaxiralarining 20 foizga yaqini, neftning 17 foizi, tabiiy gazning 7 foizi, nodir metallarining muhim konlari, shuningdek, gidroenergetika va quyosh energetikasi sohasida ulkan salohiyat mavjud. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda ortib borayotgan mehnat resurslari jamlangan. 80 million kishilik aholi darajasiga allaqachon erishilgan. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib mintaqa aholisi 100 million kishidan oshadi. Qolaversa, Markaziy Osiyo dunyoning «eng yosh» mintaqalaridan biri hisoblanadi. Aholining o‘rtacha yoshi atigi 28,7 yoshni tashkil etadi.
Bundan tashqari, so‘nggi o‘n yil ichida mintaqa iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlari (6,2 foizga) jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan (2,6 foiz) ikki barobarga oshgan. 2016 yildan beri mintaqaviy yalpi ichki mahsulot 60 foizga o‘sdi va 2023 yil oxiriga kelib 450 milliard dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo jahon iqtisodiy munosabatlarining muhim ishtirokchisiga aylanib bormoqda: uning tashqi savdo hajmi so‘nggi 7 yilda ikki baravardan ortiq o‘sib, qariyb 225 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, mintaqalararo tovar ayirboshlash hajmi 4,5 baravarga (2,4 dan 11 milliard dollarga) oshdi.
Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining mintaqada iqtisodiy hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslari alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston Prezidentining qo‘shma savdo-iqtisodiy kun tartibini samarali ilgari surish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishni ta’minlaydigan Markaziy Osiyo Iqtisodiy kengashini tuzish to‘g‘risidagi taklifi talabi alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari tomonidan taklif etilgan Mintaqa mamlakatlari innovatsion rivojlanish bankining tashkil etilishi moliyaviy resurslarni to‘plash va ulardan samaraliroq foydalanishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchinchi sessiyada Markaziy Osiyo boy madaniy merosiga ega ekanligi, azaliy do‘stlik aloqalari tinchlik va totuvlikni saqlashning muhim omili bo‘lib xizmat qilayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, savdo-iqtisodiy yo‘llar va migratsiya yo‘llari chorrahasida joylashgan bu hudud azaldan sivilizatsiyalarni o‘ziga jalb qilish markazi bo‘lib kelgan.
Qolaversa, O‘rta Osiyo zardushtiylik, ellinizm, buddizm, tangrichilik, islom kabi jahon dinlari taraqqiy etish markazi hamda dunyo ilm-fani tiklanish joyi bo‘lgan. Mintaqa ko‘p asrlar davomida Ipak yo‘li bo‘ylab madaniyatlar, tillar va dinlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlanishiga turtki bo‘ldi.
Natijada O‘rta Osiyo xalqlarining dunyoga ochiqligi, madaniyatlararo muloqot, yangi tendensiyalari bilan ajralib turadigan o‘ziga xos mentaliteti shakllandi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo xalqlari ongida mintaqaviy birlik haqidagi fikrlarni shakllantirish – manfaatlar umumiyligi, mintaqa yaxlitligi, sub’ektivligi va zamonaviy muammolariga qarshi barqarorlikni mustahkamlash uchun muhim omil bo‘lmoqda. Yoshlar va talabalar uchun ta’lim almashinuv dasturlarini ishlab chiqish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, yagona axborot, madaniy-ma’rifiy makon yaratish istiqbolli yo‘nalish ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan taklif etilgan, mintaqaviy kontent yaratish maqsadida olimlar va keng jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda «Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak» xalqaro media platformasining ishga tushirilishi bu boradagi muhim amaliy qadam bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbarining Markaziy Osiyo ta’lim va akademik almashinuv dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbuslari, shuningdek, mamlakatlarimizning yetakchi universitetlari diplomlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimning dolzarbligi ta’kidlandi.
Mutaxassislarning fikricha, bu chora-tadbirlar yoshlarda umumiy madaniy, tarixiy, sivilizatsiya va ma’naviy merosga asoslangan hudud kelajagi uchun daxldorlik, ahillik, umumiy mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA