Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) Aksilkorrupsiya tarmog‘i Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi 5-raund Bazaviy hisoboti va O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi islohotlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, IHTT va xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hamda IHTT Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi rahbari Yuliya Fromgols (onlayn), Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov, Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov va boshqalar qatnashdi.

– IHTT tomonidan taqdim etilgan Istanbul harakatlar rejasi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlarini amalga oshirishda muhim yo‘nalish sifatida xizmat qilmoqda, – dedi Akmal Burxonov. – U faqat qo‘lga kiritilgan yutuqlarni baholabgina qolmasdan, balki e’tibor berilishi lozim bo‘lgan ustuvor sohalarni aniqlab bermoqda. Xususan, 5-raund Bazaviy hisobotida O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, institutsional qurilish va huquqiy tartibga solish sohalaridagi ilg‘or natijalar tan olindi. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi hamda mamlakat parlamenti va ijro hokimiyati idoralarining sa’y-harakatlari samarasi, xalqaro hamkorligimizning amaliy natijasidir. Biz uchun muhim maqsad faqat hisobotni muhokama qilish yoki “Yo‘l xaritasi”ni rasman tasdiqlash emas, amaliyotga yo‘naltirilgan, aniq va samarali fikr-mulohazalarni olishdir. Zero, bu hujjatlar faqat baholash natijasi bo‘lib qolmay, kundalik faoliyatimizda aniq yo‘naltiruvchi hujjatga aylanadi.
Ma’lumot uchun aytib o‘tish joizki, Istanbul Harakatlar rejasi Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari uchun IHTT Aksilkorrupsiya tarmog‘ining mintaqaviy dasturi bo‘lib, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Ukraina hamda O‘zbekiston davlatlarini qamrab oladi. Uning doirasida a’zo davlatlar tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarning milliy amaliyotga joriy etilishi holati tahlil qilib boriladi.
Ta’kidlanganidek, IHTT tomonidan taqdim etilgan Istanbul harakatlar rejasi bugungi kunda O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlarini amalga oshirishda muhim yo‘nalish sifatida xizmat qilmoqda. U faqat erishilgan yutuqlarni baholabgina qolmasdan, balki e’tibor berilishi lozim bo‘lgan ustuvor sohalarni aniqlab bermoqda.
Xususan, 2024 yil O‘zbekistonda amalga oshirilgan 5-bosqich monitoringi va baholash tizimi to‘qqizta samaradorlik sohasi, ya’ni korrupsiyaga qarshi siyosat, manfaatlar to‘qnashuvi va mol-mulk deklaratsiyasi, xabar beruvchini himoya qilish, biznesning yaxlitligi, davlat xaridlarida halollik, sud hokimiyatining mustaqilligi, prokuraturaning mustaqilligi, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muassasalar, korrupsiya jinoyatlari uchun ta’qib qilishni o‘z ichiga oldi.
Yakunda O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yuqori baholanib, IHTT vakillari tomonidan mamlakatimizdagi so‘nggi islohotlar ijobiy tendensiyasi e’tirof etildi. Shu jumladan, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, davlat xaridlari va biznesda halollik yo‘nalishlarida O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yaxshilangan.
Tadbirda monitoring natijalari bo‘yicha yuqorida qayd etilgan har bir yo‘nalish asosida IHTT tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar e’tibor markazida bo‘ldi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha amaliyotga yo‘naltirilgan, aniq va samarali tavsiyalar, ularni amalga oshirish choralari muhokama qilindi. Ayni jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati vakillari ham o‘z fikr va mulohazalari bilan faol ishtirok etdi.
Muhokamalarda hisobot natijalari va ishlab chiqilgan tavsiyalar asosida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralarning mustaqilligi va samaradorligi, sudya va prokurorlarni tayinlash va hisobdorlik jarayonlarining shaffofligini oshirish, xabar beruvchilarning himoyasi mexanizmlarini, shuningdek, mol-mulk va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish tizimini takomillashtirish, davlat xaridlari va xususiy sektorda halollikni oshirish, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash kabi yo‘nalishlarga e’tiborni yanada kuchaytirish lozimligiga urg‘u berildi.
Tadbir doirasida IHTT tomonidan taqdim etilgan tavsiyalar asosida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” keng muhokama qilinib, uni amalga oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA