O‘zbekistonning iqtisodiy nufuzi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Dunyoning eng yirik moliyaviy markazlaridan biri — London fond birjasida bo‘lib o‘tgan UzNIF IPO marosimi O‘zbekiston iqtisodiyoti tarixida muhim voqea sifatida qayd etildi.
Xabar berilishicha, xalqaro investorlar tomonidan kelib tushgan umumiy talab hajmi qariyb 3 milliard AQSH dollariga yetgan. IPO’ga bo‘lgan qiziqish dastlabki prognozlarga nisbatan 4 barobar yuqori bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
Bu holat O‘zbekiston moliya bozoriga bo‘lgan ishonchning ortib borayotgani, investitsion muhitdagi islohotlar va ochiqlik siyosati natijasi ekanini ko‘rsatadi.
Jarayonda BlackRock va Franklin Templeton kabi dunyodagi yetakchi moliyaviy institutlarning ishtirok etishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga bo‘lgan ishonch tobora mustahkamlanayotganini anglatadi.
Ta’kidlanishicha, UzNIF IPO — O‘zbekistonning global kapital bozorlariga integratsiyalashuvi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va moliyaviy sektorni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Bugun, 18-may kuni London fond birjasida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalarining ilk ommaviy joylashtirilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekistonning moliyaviy tarixida yangi sahifa ochilgani sifatida baholanmoqda.
Marosimda dunyodagi yetakchi moliyaviy korporatsiyalar ishtirok etgani xalqaro moliya bozorlari O‘zbekistonni ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida ko‘rayotganini yana bir bor tasdiqladi. Shu bilan birga, mahalliy kompaniyalarga investitsiya kiritish, korporativ boshqaruv va shaffoflikning zamonaviy standartlarini joriy etishga qiziqish yuqori ekani qayd etildi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda O‘zbekiston Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi Obid Hakimov ishtirok etgani xabar qilindi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, London fond birjasi (London Stock Exchange) 1801-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan dunyoning eng yirik va eng qadimiy birjalaridan biri hisoblanadi. Unda 60 dan ortiq mamlakatdan 2 000 dan ziyod kompaniyalar ro‘yxatdan o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi Prezidentning 2024-yil 27-avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, uning ishonchli boshqaruvchisi sifatida Franklin Templeton kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. UzNIF portfeliga energetika, transport, telekommunikatsiya, bank va infratuzilma sohalaridagi yirik davlat korxonalari kiritilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA