Munosabat
Keyingi yillarda Yevropa bilan Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.Bugungi kunda Yevropaning yetakchi kompaniya va moliya muassasalari bilan amalga oshirilayotgan loyihalar portfeli 30 milliard yevrodan oshgani fikrimizning dalilidir.
Bu jarayon umumiy siyosiy iroda va chuqur transformatsiya islohotlari orqali barqaror hamda ortga qaytmas yo‘nalishga ega bo‘ldi.
Joriy yil Samarqandda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ham bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan hisoblanadi. Xususan, mazkur sammit doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik yangi mazmun kasb etdi. Bankning 2024–2029 yillarga mo‘ljallangan dasturi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi o‘zaro uyg‘unlashib, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda.
Shu munosabat bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Andi ARANITASI bilan suhbatlashdik. Unda bankning mamlakatimizdagi faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

– Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonda o‘ttiz ikki yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda, – dedi Andi Aranitasi. – Shu kungacha 185 ta loyiha orqali qariyb olti milliard yevro investitsiya kiritdik. Alohida ta’kidlash kerakki, ushbu investitsiyaning qariyb 80 foizi 2017 yildan keyin, ya’ni so‘nggi sakkiz yilga to‘g‘ri keladi. Aynan shu yillarda YeTTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
Keyingi sakkiz yilda mamlakatingiz izchil islohotlar yo‘lidan bormoqda. Bugungi kunda esa yurtingizga nafaqat moliyaviy, balki intellektual jihatdan ham maqsadlarga erishishda ko‘maklashadigan ishonchli va uzoq muddatli hamkorlar zarur. Bizning bankimiz aynan shu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib, qator loyihalarni muvofiqlashtirmoqda.
YeTTB Markaziy Osiyo mintaqasida eng katta hajmdagi investitsiyani aynan O‘zbekistonga yo‘naltirgan. Ajratilgan mablag‘ning yetmish foizdan ortig‘i xususiy sektor loyihalariga, shuningdek, “yashil” tashabbuslarga qaratilgan. Kelgusida ham strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatdamiz. Asosiy e’tibor xususiy sektor, o‘rta biznes, ayollar va yoshlar loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror tuzilmani rivojlantirish kabi yo‘nalishlarga qaratiladi.
Ayniqsa, 2019 yilda tashkil etilgan, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi xorijiy investorlar kengashini qo‘llab-quvvatlaymiz. Jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso ushbu kengash O‘zbekistonni investorlar uchun jozibador mamlakat sifatida tanitishda markaziy o‘rin tutishini alohida ta’kidlaydi.
Darvoqe, mazkur kengash xorijiy investorlar va davlat organlari o‘rtasidagi muloqot uchun juda muhim platforma hisoblanadi. Xorijiy investorlar kengashiga alohida urg‘u berishimning sababi shundaki, u mamlakatdagi biznes muhitini yanada yaxshilash, O‘zbekistonning investitsiya jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu esa mamlakatdagi islohotlar natijasi va O‘zbekistonning S&P Global hamda Fitch xalqaro reyting kompaniyalari tomonidan berilgan yuksak bahosida ham o‘z aksini topmoqda.
Yurtingiz mintaqada faol, mintaqaviy hamkorlik va tinchlikni ta’minlashning a’lo darajadagi namunasi bo‘la oldi. Har qanday mintaqada mamlakatlar o‘rtasidagi integratsiya va aloqalarni kengaytirish juda muhim. Chunki bu ishbilarmonlik muhitini yaxshilaydi, iqtisodiyotni rivojlantiradi va insonlar hayotini farovon qiladi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan chegara va mintaqaviy masalalarga oid ko‘plab nizolar hal etildi. Bu jarayon Prezident Shavkat Mirziyoyev lavozimga kelganidan so‘ng boshlandi va natijada shu yil Tojikiston hamda Qirg‘iziston o‘rtasidagi so‘nggi kelishuv bilan yakunlandi. Shu bois, mamlakat mintaqada juda muhim rol o‘ynamoqda. Buning yana bir dalili sifatida joriy yil aprelda O‘zbekiston “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitiga mezbonlik qilganini aytish mumkin.
Samarqandda yuksak darajada o‘tkazilgan ushbu sammit mamlakatning Markaziy Osiyodagi yetakchi rolini va xalqaro integratsiya jarayonlarida mintaqaga yo‘l ko‘satayotganini yaqqol namoyish etdi.
O‘zA muxbiri
Behruz XUDOYBERDIEV yozib oldi.