So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimiz turmush darajasi va farovonligini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xalqaro maydonda yuqori nufuzga ega yirik tuzilmalar bilan hamjihat olib borilayotgan islohotlar muhim ahmiyat kasb etadi. Ana shunday hamkorlarimizdan biri – Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan birga olib borilayotgan samarali ishlar salmoqli natija beryapti.
Xabaringiz bor, o‘tgan haftada mamlakatimizda yana bir yirik xalqaro tadbir – Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) 16-sammiti bo‘lib o‘tdi. Anjuman yakunida imzolangan hujjatlar, O‘zbekistonning mazkur tuzilmaga a’zoligi ahamiyati xususida O‘zA muxbiri Toshkent moliya instituti kafedra mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Jasurbek Otaniyozov bilan suhbatlashdi.
– Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti haqida qisqacha ma’lumot bersangiz. Tuzilmaga a’zolikdan O‘zbekiston qanday manfaat ko‘radi?
– Eron, Pokiston hamda Turkiya tomonidan 1964 yil dastlab “Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” nomi bilan tuzilgan tashkilot ichki mintaqaviy savdo susayib ketishi oqibatida bir muddat faoliyatini to‘xtatib, 1985 yil hozirgi nomi ostida qayta tashkil etildi. Birlashgan millatlar tashkiloti va Islom hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega IHTning asosiy maqsadi savdo-iqtisodiy aloqani yuksaltirish, har bir a’zo mamlakatda aholi turmush tarzini yaxshilashga hissa qo‘shish, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdir.
1992 yil tashkilotga Markaziy Osiyoning besh mamlakati, jumladan, O‘zbekiston, shu bilan birga, Ozarbayjon va Afg‘oniston ham ham qabul qilingan. Ayni payt mintaqaviy iqtisodiy tashkilotga 10 davlat a’zo.
Mamlakatimizning IHTga qo‘shilishi tuzilma faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Zero, Markaziy Osiyo yuragida joylashgan O‘zbekiston yon atrofdagi davlatlar va mintaqa rivojida muhim o‘rin egallaydi. E’tiborlisi, o‘tgan vaqt mobaynida davlatimiz tomonidan umumiy faoliyat istiqboliga doir ko‘plab samarali taklif, tashabbuslar ilgari surildi. Hozirgi kunda faoliyat doirasi yanada kengaygan IHT umumiy maydoni 7 million kvadrat/kilometrni tashkil etuvchi, qariyb yarim milliard aholiga ega iqtisodiy jihatdan yetakchi mintaqaviy kuchga aylangan.
Ma’lumki, global iqtisodiy o‘zgarish, jahon bozoridagi tebranish keng ko‘lamli iqtisodiy integratsiyani taqozo etmoqda. Bu jarayonda bir-biriga yaqin joylashgan mamlakatlar o‘zaro uyg‘unlashuvi yuqori samara beradi. Binobarin, iqtisodiy integratsiyaning asosiy shartlaridan biri aynan mintaqaviy yaqinlik hisoblanadi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Markaziy Osiyo davlatlari, shu jumladan, O‘zbekiston uchun O‘rta yer dengizi, Fors va O‘mon ko‘rfazi dengiz yo‘liga kirish imkonini kengaytiradi. Natijada o‘zaro savdo-investitsiya aloqasi yanada mustahkamlanadi.
– O‘zbekistonning bugungi kundagi yirik savdo hamkorlari sifatida IHT davlatlari bilan tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi bo‘yicha sizda qanday ma’lumotlar bor?
– Iqtisodiy jihatdan yuqori salohiyatga ega IHT mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti 2022 yil 2 trillion dollarga yetdi. Ekspertlar fikricha, 2017 yildan keyin O‘zbekistonning ushbu tashkilot doirasida faollashuvi tuzilma faoliyati sezilarli tarzda jadallashishiga zamin yaratdi. Bu jarayonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi o‘ziga xos tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya muhim omil bo‘ldi.
2022 yil respublikamizning a’zo davlatlar bilan umumiy tashqi savdo aylanmasi 12,3 milliard dollarga ko‘tarildi – bu raqam 2017 yilga nisbatan 2 barobar ko‘p. Mamlakatimiz tashqi savdosida tashkilot ulushi 24,7 foiz, ya’ni jami aylanmaning to‘rtdan bir qismiga teng. O‘tgan yil umumiy eksportning uchdan biri – 29,8 foizi shu davlatlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Joriy yil 9 oyi yakuniga ko‘ra, IHT davlatlari bilan mahsulot va xizmat ayirboshlash miqdori 9,2 milliard dollarni, a’zo mamlakatlarning O‘zbekiston umumiy tovar aylanmasidagi ulushi 20,5 foizni tashkil etdi.
IHT bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar qaysi soha, tarmoq va yo‘nalishlar hisobiga rivojlanyapti?
– Hozirgi kunda tashkilotga a’zo davlatlar bilan O‘zbekiston o‘rtasida savdo va investitsiya, transport va kommunikatsiya, energetika, kon, atrof-muhit, qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm, turli loyihalar, iqtisodiy tadqiqot va statistika, inson resurslari va barqaror rivojlanish kabi yo‘nalishlarda faol hamkorlik mavjud.
O‘zbekiston IHT sammitlarida muntazam ishtirok etib keladi. Oxirgi yillarga e’tibor qarataylik: 2021 yil o‘n beshinchi sammit yakunida IHTga raislik ilk bor O‘zbekistonga o‘tdi. Umuman, o‘sha anjumanda davlatimiz tomonidan jami 8 ta dolzarb taklif, tashabbus ilgari surilib, barcha a’zolar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangani alohida e’tiborga loyiq. Ayni vaqtgacha ushbu tashabbuslardan 5 tasi to‘liq amaliyotga tatbiq etildi, 3 tasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
2022 yil bizning raisligimizda IHT o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarni samarali amalga oshirdi. Hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator oliy darajadagi va vazirlar uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. A’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar, xususan transport va aloqa sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan ishlar sezilarli ijobiy natijalar berdi.
O‘zbekiston raisligi davrida turizm sohasi ham faol rivojlandi. 2022 yil IHT turizm vazirlarining IV yig‘ilishi yuqori saviyada tashkil etildi. Bundan tashqari 2022 yil Ozarbayjon, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekistondan 242 turizm operatori va sayyohlik agentligini birlashtirgan IHT Turoperatorlari tarmog‘i tashkil etildi.
O‘tgan hafta O‘zbekiston ilk bor tashkilot sammitiga mezbonlik qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan anjumanda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, O‘zbekiston Tashkilotning asosiy hujjati – “Istiqbol-2025” ijrosini sarhisob qilishni qo‘llab-quvvatlagan holda, kelajak uchun ustuvor soha va tarmoqlarni belgilab beruvchi “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadi-2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish taklifini bildirdi. Ushbu dasturning 7 asosiy yo‘nalishi doirasidagi muhim tashabbuslar ko‘rsatib o‘tildi.
“Birgalikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida o‘tgan sammitda mamlakatimiz uchun sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqani kengaytirish, jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, mintaqadagi transport yo‘laklarini kengaytirish va yo‘llardan samarali foydalanish bo‘yicha hamkorlikka keng yo‘l ochishga zamin yaratadigan ko‘plab taklif, tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizning bunday yirik tuzilmalar bilan birgalikda olib borayotgan faoliyati zamirida davlatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz turmush sharoitini yaxshilash, yangi korxonalar tashkil etish, ish o‘rinlari yaratish orqali oddiy odamlar farovonligini ta’minlashdek ulug‘, ezgu maqsad mujassam.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/-IwC1IY2vH8?si=bNfBGodgJMBlTkoG" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Go‘zal Sattorova,
Abror Sodiqov
O‘zA