A’zo davlatlar biznes sohasi yetakchilari Toshkentga yig‘ilgan
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti davlatlari rahbarlarining 16-sammiti boshlanish arafasida. Poytaxtimizda mazkur anjuman doirasida tuzilmaning beshinchi biznes-uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Dasturga muvofiq, ayni payt a’zo davlatlar savdo-sanoat palatalari rahbarlari, iqtisodiy kengashlar raislari birin-ketin so‘zga chiqib, tashkilot faoliyati doirasida amalga oshirilgan ishlar, o‘z mamlakatlari iqtisodiy holati, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik natijalariga alohida to‘xtalmoqda.

IHT doirasida biznes, tovar ayirboshlash, investitsiya jalb etish bo‘yicha statistika qanday?
Bugungi kunda tashkilotga o‘nta davlat – Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo.
Mamlakatimizning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorligi sezilarli darajada faollashgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil mamlakatimizning tuzilma tarkibidagi mamlakatlar bilan tovar aylanmasi 35,1 foiz o‘sib, 11,2 milliard dollarga yetgan.

2022 yil o‘sish tendensiyasi davom etdi va mahsulot ayirboshlash ko‘rsatkichi 10,4 foiz o‘sib, 12,4 milliard dollarni tashkil qildi.
Respublika tashqi savdosida IHT ulushi 24,7 foiz. E’tiborli jihati, 5,75 milliard dollarlik eksport hajmi 2021 yilga nisbatan 6,3 foiz yuqori. Import esa 6,62 milliard dollar – 14,3 foiz o‘sgan. O‘tgan yil umumiy eksportning uchdan bir qismi – 29,8 foizi IHT mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Yana bir ma’lumot: o‘tgan yil tovar ayirboshlashda eng ko‘p ulush Qozog‘iston (37,5 foiz) va Turkiya (26,3)ga tegishli bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarni Qirg‘iziston (10,2), Turkmaniston (7,5), Afg‘oniston (6,1), Tojikiston (5,5), Eron (3,5), Pokiston (1,9) va Ozarbayjon (1,5) egalladi. O‘tgan yil respublikamizning IHT davlatlari bilan savdo aylanmasi 1,13 trillion dollardan oshdi.
Joriy yil 9 oyi ko‘rsatkichini kuzatsak, hamkorlik sezilarli darajada faollashganiga guvoh bo‘lamiz. Yana raqamlarga murojaat qilamiz: hisobot davrida IHT doirasida tovar aylanmasi 9,2 milliard dollarni, a’zo mamlakatlarning O‘zbekiston umumiy tovar aylanmasidagi ulushi 20,5 foizni tashkil etdi. Bunda eksport miqdori 4,2 milliard dollar, import esa 5,0 milliard dollarga teng.
Qayd etish kerak, IHT Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda savdo va investitsiya imkoniyatini rivojlantirish yo‘llarini muhokama qilish uchun maydon yaratadi. Tuzilma doirasida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qator hujjatlar, jumladan, Erkin savdo, Tranzit savdo, Transport va tranzit to‘rg‘isidagi Hadli bitim ishlab chiqiladi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA