Milliy matbuot markazida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan Xalqaro standartlarni qabul qilish va uni sohalarga keng joriy etishning dolzarbligi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, Jahon savdo tashkiloti davlatlararo ko‘p tomonlama savdo tizimini muvofiqlashtirib turuvchi nufuzli xalqaro tuzilmadir. Dunyo savdosining 95 foizi unga a’zo 164 ta mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi.
– Ilgari mamlakatimiz eksportining yarmi paxta tolasiga to‘g‘ri kelardi. Uning eksportidan to‘liq voz kechilgandan keyin, tayyor kiyim-kechak eksporti 4 baravar ko‘paydi, – deydi O‘zbekiston standartlar instituti direktori Abdurauf Abduqayumov. – O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 3 milliard 300 ming dollarni tashkil etdi. 2021 yilda O‘zbekiston GSP+ tizimiga qo‘shilgani natijasida Yevropa bozoriga tayyor mahsulot eksporti 1,5 baravar oshdi. Tashqi savdoda tayyor mahsulot eksportini ko‘paytirishda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yanada keng imkoniyatlar ochadi. Shu bois O‘zbekiston 2019 yildan bu xalqaro tuzilmaga a’zolik jarayonini yangidan boshlagan edi. Bu borada standartlashtirish sohasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan ikki yilda 4,5 mingga yaqin xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashgan standartlar qabul qilinib, “Tartibga soluvchi gilotina” usulida umumiy hisobda qariyb 4 mingta ma’nan eskirgan standartlar bekor qilindi.
[gallery-25456]
Shu bilan birga, amaldagi standartlarni JST talablariga moslashtirish yuzasidan tegishli vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalar takliflariga asosan ko‘rib chiqiladigan amaldagi 3 094 ta standart tahlili o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) texnik qo‘mitalari faoliyatida 40 nafar mutaxassis “to‘laqonli”, 251 nafar mutaxassis “kuzatuvchi” maqomida ishtirok etishi ta’minlangan. Natijada, ISO texnik qo‘mitalari faoliyatida mutaxassislar tomonidan bugungi kunga qadar 10 ta texnik qo‘mita doirasida 6 ta loyiha ko‘rib chiqildi, 30 ga yaqin loyiha o‘rganib chiqilmoqda.
Davlatlararo texnik qo‘mita (MTK)larida faoliyat yurituvchi 94 ta texnik qo‘mitalardagi milliy texnik qo‘mitalarining doimiy a’zolari soni 148 nafarga yetkazildi. Natijada, bazalt mahsulotlari uchun O‘zbekiston manfaatlarini MDH davlatlari orasida yagona texnik qo‘mita sifatida ilgari surish, davlatlararo standartlarni ishlab chiqish bo‘yicha vakolatlar berildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 28 fevraldagi tegishli qaroriga muvofiq “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi ishlab chiqilib, tris.uz elektron manzilida ishga tushirildi.
Ushbu milliy axborot tizimi jami 12 ta asosiy moduldan iborat bo‘lib, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, akkreditatsiyalash va davlat nazorati yo‘nalishlarida barcha jarayonlarni raqamlashtirish, qog‘oz shakldagi hujjatlardan voz kechib, barcha sertifikat, xulosa, bayonnoma, xabarnoma va shu kabi boshqa hujjatlarni QR-kod yordamida elektron rasmiylashtirishga xizmat qiladi.
Natijada, milliy axborot tizimining attestatsiya moduli to‘liq ishga tushirilgan bo‘lib, bugungi kunda 1 ming 425 nafar soha mutaxassislaridan 1 ming 274 nafari (89 foiz) attestatsiyadan o‘tdi. Bundan tashqari, Sensorica korxonasining “Smart” sun’iy intellekt dasturi asosida tarjima qilish platformasini joriy qilish ishlari boshlanib, tegishli texnik topshiriq loyihasi ishlab chiqildi.
Oxirgi ikki yilda O‘zbekiston standartlar instituti xalqaro va mintaqaviy standartlashtirish sohasida mamlakatning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan bir qator strategik tashabbuslarni amalga oshirdi.
Standartlashtirish, metrologiya, sifat menejmenti va sertifikatlashtirish sohalarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha MDH ishtirokchi davlatlarining Bosh tashkiloti — Rossiya standartlashtirish agentligi tarkibidagi “Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish akademiyasi” (ASMS) bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari shakllantirildi.
Hozirgi vaqtda ushbu yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston – Rossiya akademiyasini ASMS bilan hamkorlikda tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, 2023-2025 yillar davomida O‘zbekiston standartlar instituti va Germaniyaning asosiy muassasalari – Federal metrologiya instituti (PTB) hamda Germaniya standartlashtirish instituti (DIN) o‘rtasidagi barqaror hamkorlik doirasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, institutsional salohiyatni rivojlantirish va milliy standartlashtirish tizimini ilg‘or xalqaro amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlar amalga oshirildi.
Natijada ISO/IEC talablari va xalqaro normalarga mos ravishda milliy standartlashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha xulosa va tavsiyalar tayyorlandi.
Sh.Mamaturopova, O.Pardayev (surat), O‘zA