O‘zbekistonning boy merosi — dunyo nigohida
Joriy yilning 17–24-aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Xorazm viloyatining turizm salohiyatini namoyish etish maqsadida xorijiy turkompaniyalar vakillari uchun info-tur tashkil etilmoqda.
Mazkur info-turda Yevropa va Osiyoning 20 ta davlatidan, jumladan Fransiya, Italiya, Norvegiya, Shveysariya, Belgiya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Pokiston hamda Xitoydan tashrif buyurgan nufuzli xorijiy turizm kompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda. Ushbu tashrif mamlakatimizning boy turizm salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Dastur doirasida mehmonlar Toshkent shahrida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, yurtimizning ko‘p asrlik boy tarixiy-madaniy merosi, buyuk allomalarimizning ilmiy-ma’naviy merosi hamda noyob qo‘lyozmalar, eksponatlar va zamonaviy ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida mehmonlar markazda qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar, interaktiv taqdimotlar va uning ilmiy-ma’rifiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratib, O‘zbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash va uni xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

Shuningdek, info-tur doirasida ishtirokchilar Toshkent shahrining asosiy diqqatga sazovor maskanlariga tashrif buyurib, zamonaviy infratuzilma, tarixiy obidalar va milliy madaniyat namunalari bilan ham yaqindan tanishmoqda.

Mazkur info-tur xorijiy turkompaniyalar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish hamda O‘zbekistonning, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasining turizm imkoniyatlarini jahon bozorida faol targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA