Özbekistonning bolalarni zöravonlikdan himoya qiliş borasidagi tajribasi xalqaro maydonda eʼtirof etildi
Filippin poytaxti Manila şahrida bolalarga nisbatan zöravonlikka barham beriş böyiça Ikkinçi global vazirlar konferensiyasi bölib ötdi. Unda Özbekiston delegatsiyasi, jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining örinbosari Sirojiddin Abdullayev iştirok etdi.
Xalqaro anjumanda bolalarni zöravonlikning barça şakllaridan himoya qiliş, oilalarni qöllab-quvvatlaş, şuningdek, jabrlangan bolalarga kompleks ijtimoiy va psixologik yordam körsatiş masalalari muhokama qilindi. Konferensiya doirasida 94 ta davlat tomonidan jami 283 ta majburiyat taqdim etildi.
Konferensiyaning “Zöravonliksiz kelajakni moliyalaştiriş” mavzusidagi yalpi majlisida Özbekistonning bolalar farovonligini taʼminlaş va ularning huquqlarini himoya qiliş borasida amalga oşirayotgan işlari hamda töplagan tajribasi haqida maʼlumot berildi. Xususan, Samarqand şahrida ötkazilgan Butunjahon sammiti, uning yakunida qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 208 ta “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi va ijtimoiy xodimlar faoliyati alohida qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, bolalarni zöravonlikdan himoya qiliş faqat huquqiy çoralar bilan çeklanib qolmasligi, balki oilalarni qöllab-quvvatlaş, xavf omillarini erta aniqlaş va jabrlangan bolalarga manzilli yordam körsatişni ham qamrab olişi zarur. Anjuman iştirokçilari mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilişga qaratilgan qonunçilik va institutsional islohotlarni, şuningdek, 2026–2030-yillarga möljallangan milliy strategiya qabul qilinganini ijobiy baholadi. BMT Boş kotibining bolalarga nisbatan zöravonlik masalalari böyiça maxsus vakili Doktor Najat Maalla Mjid Özbekistonda şakllangan tajribani boşqa davlatlarga ham taqdim etiş muhimligini taʼkidladi. Şuningdek, Tojikiston Boş vaziri örinbosari Dilrabo Mansuriy mamlakatimizda “Barnahus” modelini joriy etiş böyiça amalga oşirilayotgan işlarga qiziqiş bildirdi. Mazkur model zöravonlikdan jabrlangan bolalar bilan işlaşda ularni qayta-qayta söroq qiliş va ruhiy jarohatni kuçaytirişning oldini oliş, turli idoralar xizmatlarini yagona yondaşuv asosida muvofiqlaştirişga qaratilgan.
Konferensiyada bildirilgan fikrlar va xalqaro hamkorlarning qiziqişi bolalarni zöravonlikdan himoya qiliş sohasida tajriba almaşiş, samarali mexanizmlarni ommalaştiriş va davlatlararo hamkorlikni mustahkamlaş muhimligini körsatdi. Özbekistonda amalga oşirilayotgan islohotlar, ijtimoiy xizmatlar qamrovining kengayişi va bolalar huquqlarini himoya qilişga qaratilgan institutsional mexanizmlar xalqaro muloqotning muhim mavzularidan biri böldi.
Muhayyo Toşqorayeva,
ÖzA