Aksariyat rivojlangan davlatlarda kartoshka bog‘bonlar tomonidan uyda yetishtiriladi. Chunki bu mahsulot uzoq vaqt davomida yerda bo‘ladigan ekin turi hisoblanadi.

Mamlakatimizda ham kartoshka taqchilligi muammosining oldini olish maqsadida bir qancha chora-tadbirlar olib borilmoqda, o‘zimizning yerlarimizda ham sifatli kartoshkalar yetishtirish uchun bor imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Aksariyat hududlarda sabzavotchilik fermer xo‘jaliklari va tomorqalarda kartoshka ekiladigan maydonlar miqdorini oshirish, hosildorlikni ko‘tarish rejalashtirilgan. Chunki xo‘jaliklar o‘z talab darajasidagi kartoshkani tomorqasiga eksa, kartoshkaga sarf etiladigan xarajatni iqtisod qilib qoladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida ham urug‘chilikni tashkil qilish maqsadida Sabzavot, poliz va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi bilan hamkorlikda “In-vitro” usulida qariyb 35 sotix yer maydonida birlamchi kartoshka urug‘lari ekildi va yuqori hosildorlik olinishiga erishildi.
Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Shuhrat Teshayev quyidagilarni gapirib berdi.
– Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 30 yanvar kuni tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda qayd etilganidek, mamlakatda 5 milliondan ziyod xonadonda 508 ming gektar tomorqa, avval tashkil etilgan dehqon xo‘jaliklarida 17 ming gektar va so‘nggi yillarda aholiga tarqatilgan 260 ming gektar yer bor. Bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda eng katta zaxira, - deydi Shuhrat Teshayev. – Bugungi kunda asosan aholi tomorqasidan unumli foydalanish choralari ko‘rilmoqda.
Yurtimizda kartoshkaga bo‘lgan talab salkam 5 million tonnaga yaqin. Shuning 80 foizdan ziyodi yurtimizda yetishtirilib, qolgan qismi import hisobidan to‘ldirilmoqda. Bunda eng katta muammolar esa asosan kartoshka urug‘chiligiga borib taqaladi. Bugunga qadar aholi va dehqonchilik xo‘jaliklari elita va R1 urug‘lik o‘rniga import qilingan yoki mahalliy sifatsiz kartoshka ekib kelishgan.
Xonadonda kartoshka ekkan fermer hosiliga ko‘proq e’tibor beradi. Aynan aholi tomorqasida kartoshka urug‘ligini tezroq ko‘paytirish imkoniyati katta. Kelgusida Amudaryo tumani kartoshkachilik markaziga aylanadi. Tomorqalarda super elita urug‘larini yetishtirish mumkin. Rejaga ko‘ra, to‘rt yillardan so‘ng nafaqat Amudaryo tumanini, balki Qoraqalpog‘iston hamda boshqa hududlarni eng sara kartoshka urug‘lari bilan ta’minlashga erishish mumkin. Masalan, bu yil tajriba tariqasida ekilgan yangi urug‘ navidan 15 ming dona tuganak olingan bo‘lsa, keyingi yil bu hosildorlikni 100 ming donaga yetkazish maqsad qilingan.
Hozirda yaratilayotgan kartoshka urug‘ navlari sho‘rga chidamli, iqlimga moslashgan. Gektaridan 75 ming tonna hosildorlik olish mumkin. Kelgusi yil hosili uchun kartoshka urug‘liklari zaxirasini yaratish bo‘yicha joylarda tashkiliy va agrotexnik tadbirlar davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA