O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 20Z0” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq respublikada raqamli industriyani jadal rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasida chet ellik ishbilarmonlarga mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini yuritish, VRO, IT-autsorsing kompaniyalar bozori va sharoitlarini o‘rganish hamda jalb etish maqsadida “ICT WEEK UZBEKISTAN – 2024” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.
Nufuzli anjuman mamlakatimizni axborot texnologiyalari sohasidagi mintaqaviy markaz – IT-xabga aylantirish, axborot texnologiyalari xizmatlari eksportini oshirish va tajriba almashish yo‘lida muhim qadam bo‘lmoqda.
Jumladan, haftalik doirasida tashkil etilgan “Shared Services and Offshore Outsourcing” konferensiyasi xorijiy kompaniyalarni O‘zbekiston bozoriga jalb etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib berar ekan, o‘z nutqida mamlakatimizning xorijiy kompaniyalar uchun taqdim etayotgan noyob imkoniyatlar – soliq imtiyozlaridan tortib, rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash va yuqori malakali mutaxassislardan foydalanish bo‘yicha keng qamrovli dasturlar xususida so‘z yuritdi.
Ishtirokchilar davlat ko‘magi va qulay biznes muhiti tufayli jadal rivojlanayotgan O‘zbekistonning axborot texnologiyalari va autsorsing sohasidagi keng ko‘lamli imkoniyatlari bilan tanishdi. Dasturga muvofiq, panel munozara mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan va e’tiborga loyiq natijalarga erishgan IT-Park rezidentlari muvaffaqiyatiga bag‘ishlandi.
– Axborot texnologiyalari va autsorsing kompaniyalarining 300 nafarga yaqin vakili hamda soha mutaxassislarini o‘ziga jalb qilgan ushbu konferensiya yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va O‘zbekistonda axborot texnologiyalari biznesini rivojlantirish istiqbollari bilan yaqindan tanishish imkonini yaratmoqda, – dedi Sherzod Shermatov. – Tadbir yurtimizda biznes yuritishda moliyaviy xarajatlarni qanday optimallashtirish, shuningdek, davlat ko‘magi va qulay biznes muhiti tufayli mamlakatda faoliyatni qanday oson boshlash va o‘z loyihalarini tezda yo‘lga qo‘yishni muhokama qilishni taklif etadi.
Konferensiyada IT-Parkning xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muhsinova jahon maydonida O‘zbekistonning yangi global autsorsing markazi sifatidagi afzalliklari to‘g‘risida taqdimot qildi. Shuningdek, “O‘zbekistonning texnologiyalar sohasidagi iste’dodlarini kashf etish” “BPO muammolarini yengish: O‘zbekistonning strategik afzalliklari” kabi qator mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
O‘zbekiston IT-park kompaniyasining Xalqaro marketing bo‘yicha direktori Jamila Halibayeva O‘zA muxbiriga bergan intervyusida 20 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan yirik anjuman haqida batafsil ma’lumot berar ekan, "Mazkur haftalik startaplar, elektron tijorat, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari yechim provayderlari kabi mavzularda 20 ga yaqin yirik forum va sammitlarni o‘z ichiga oladi", dedi kompaniya vakili.
Eslatib o‘tamiz, 17 sentyabr kuni boshlangan “ICT WEEK UZBEKISTAN – 2024” haftaligi 20 sentyabrga qadar davom etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/CVGWhU23ns8?si=DGSyKiHCUE9FnR2Y" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA