O‘zbekistonning 22 ta oliy ta’lim tashkiloti Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingidan joy oldi
Mamlakatimizda ta’limni, xususan, oliy ta’limni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasi o‘laroq, oliygohlarimizning xalqaro miqyosda ham mavqei oshayotgani kishini quvontiradi.
4 noyabr kuni nufuzli QS Quacquarelli Symonds agentligi tomonidan e’lon qilingan Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingi — "QS Asia University Rankings 2026" ro‘yxatidan O‘zbekistonning 22 ta oliy ta’lim tashkiloti joy oldi.
Ta’kidlash joizki, 8 ta oliygohimiz natijasi avvalgi yilga nisbatan ijobiy o‘sishga erishgan.
Ma’lumot uchun, mazkur reytingda Osiyoning 25 ta mamlakat va hududidan 1500 dan ortiq universitetlar baholangan bo‘lib, ulardan 557 tasi ilk bor ro‘yxatga kiritilgan.
Reyting ilmiy salohiyat, xalqaro nufuz, bitiruvchilarning bandlik darajasi, o‘quv jarayonining sifat ko‘rsatkichlari hamda xalqaro hamkorlik faoliyati mezonlari asosida baholangan.
O‘zbekiston oliygohlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetiga tegishli bo‘lib, 62.5 ball natija bilan Osiyo oliygohlari reytingida 138-o‘rinni band etgan.
Sherbek Islomov,
O‘zA