O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg diyorimizni o‘z ona yurti deb bilgan, o‘zini o‘zbek xalqining ajralmas qismi deb sanagan, ona tilimizni mukammal o‘zlashtirgan, uni hurmat qilgan, oqko‘ngil, vatanparvar, samimiy, halol va soddadil, sofdil ijodkor edi.
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida shoir tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Adabiy tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid, taniqli ijodkor va tarjimon Nikolay Ilin, uyushmaning Rus adabiyoti kengashi raisi Artyom Goroxov va boshqalar Aleksandr Faynberg ijodi, uning serqirra faoliyati xususida batafsil gapirdi.
Aleksandr Arkadevich 1939 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Uning nomi va ijodi o‘zbek kitobxonlari, she’riyat ixlosmandlari uchun g‘oyat qadrli.
Shoirning “Lahza” (1969), “Olis ko‘priklar” (1978), “Erkin ohanglar” (2003) kabi ko‘plab she’riy to‘plamlari kitobxonlarga yaxshi tanish. Aleksandr Faynbergning o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari Toshkent, Moskva va Sankt-Peterburgda nashr etilgan.
A.Faynberg qalamiga mansub yettita badiiy film ssenariysi o‘ziga xosligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi. Ijodkor yigirmadan ziyod multfilmlar, nasriy asarlar muallifi edi. Bu asarlarga o‘zbek o‘quvchilarining qiziqishi ham tobora ortib bormoqda.
Aleksandr Faynberg katta tarjimon sifatida ham so‘z san’ati muxlislariga yaxshi tanish. U rusiyzabon kitobxonlarga ko‘plab o‘zbek shoirlarining ijodini ochib berdi.
Moskvada O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning "Ruhlar isyoni" dostoni, Toshkentda "Oqqushlar galasi" nomli o‘zbek shoirlari ijodidan qilingan tarjimalar jamlanmasi nashr etildi.
Taniqli shoirning o‘zbek tiliga o‘girilgan she’rlari “Chig‘ir” kitobida o‘quvchilar qo‘liga borib yetdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya uyushmasi a’zosi bo‘lgan Aleksandr Faynberg Rossiya Prezidenti Farmoni bilan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarga munosib hissa qo‘shgani uchun Pushkin medali bilan taqdirlangan (2009). Shuni aytish kerakki, Aleksandr Arkadevichning faoliyati, chin insoniy fazilatlari mamlakatimizda o‘zga tillarda ijod qilayotgan ko‘plab adabiyot ahli, qalamkashlar uchun ibratdir.
Adabiy anjumanda Aleksandr Faynberg ijodi, faoliyati, insoniy fazilatlari haqida batafsil so‘z yuritildi.
Shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri