Bu ijodkorni ko‘pchilik oddiy, o‘zbekona tarzda “Kolya aka”, deb chaqiradi. Taniqli shoir va tarjimon, publitsist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Nikolay Ilinning ona tilimizga, O‘zbekistonimizga cheksiz hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi ibratga arzigulikdir.
Hamisha qo‘li ko‘ksida “Assalomu alaykum! Yaxshimisiz, salomatmisiz?” deb hol-ahvol so‘rashni kanda etmaydi. O‘zbek tilida bexato, yurakdan, og‘rinmasdan, samimiy suhbatlashadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nikolay Dmitriyevich Ilin 1950 yil Rossiyaning Chelyabinsk viloyati, Zlatoust shahrida tug‘ilgan. Keyinchalik u oilasi bilan Toshkentga ko‘chib keladi va shu yerda o‘rta maktabni va Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlaydi.
Nikolay aka yigirma yil mobaynida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti) va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida rus tili va adabiyotidan talabalarga dars bergan.
– Shu aziz diyor – O‘zbekiston men uchun ham muqaddas Vatan, – dedi taniqli shoir va tarjimon Nikolay Ilin. – O‘zbek tilining jozibasi, betakrorligi va go‘zalligi milliy adabiyot, o‘zbek she’riyati orqali ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Nikolay Ilin buyuk shoir bobokalonlarimiz Pahlavon Mahmud, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Maxtumquli, Cho‘lpon, Mirtemir kabi adabiyot darg‘alarining ijodini yuksak qadrlaydi. Ularning ijod namunalaridan ruh, ilhom zavqini tuyadi. Imkon qadar rus tiliga tarjima qilib, o‘quvchilarga taqdim etishga alohida e’tibor qaratadi. Ayni paytda Nikolay Dmitrevich O‘zbekiston Qahramonlari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqa ko‘plab shoirlarning ijod namunalarini rus tiliga tarjima qilib, o‘quvchilarga taqdim etgan.
– O‘zbek she’riyatining namunalari shunchaki quruq tarjima emas, balki boshqa tilda so‘zlashuvchi kitobxonning ham qalbidan joy olishi kerak, – dedi Nikolay Ilin. – Bu esa tarjimondan asl manbaning, ya’ni o‘zbek tilining bor jozibasi, go‘zalligi va betakrorligini imkon qadar kitobxonga yetkaza olish mas’uliyatini, ijodiy ziyraklik va zukkolikni talab etadi.
Ijodkor – pedagogika fanlari nomzodi, dotsent, tarix va adabiyot nazariyasiga oid 60 dan ziyod ilmiy nashrlar, dars o‘tish uslublari muallifi. Hozirgi kunda u O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Nikolay Ilinning “Kuz belgisi ostida”, “Kichik ipak yo‘li” (Toshkent), “Kronos” (Daugavpils, Latviya), “Dunyo yodda saqlaydi uni” (Moskva), “Xalqlar do‘stligi” kabi she’rlari almanaxlarda nashr etilgan. Uning qalamiga mansub “Birinchi daftar” (2004), “Qalb ohangida” (2005), “Vaqtning tizginsiz yo‘llarida” (2006), “Xotira orzusi” (2008), “Hazonrezgi izidan” nomli kitoblar o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan.
Yuqorida aytilganidek, Nikolay Ilinning ijodida tarjimalar va o‘zbek zamonaviy adabiyoti tadqiqotlari alohida o‘rin egallaydi. U O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Jo‘g‘rofiya mening qalbimda”, atoqli shoira Xosiyat Rustamova, Ulug‘bek Hamdamning turkum she’rlari, Go‘zalbegimning “Barq urgan yaproq soyasi”, Oygul Suyundiqovaning “Men baxtli qush kabi parvozdaman” kabi she’riy to‘plamlari, yana boshqa ko‘plab ijodkorlarning asarlarini rus tiliga tarjima qilgan.
Ijodkor bir qator xalqaro adabiy mukofotlar sohibi. Ayni paytda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Vatan uchun yashaylik!” ijodiy tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Kolya aka – zahmatkash, vatanparvar, samimiy, kamtarin o‘g‘lon, tinib-tinchimas, daryodil ijodkor. Mudom shukronalik, ezgulikka xayrixohlik, mehnatsevarlik bilan yashaydi. Uning nimadandir nolib, yozg‘irib gapirganini ijodkorlar sira ko‘rishmagan. Ehtimol aynan shu fazilatlari uning elimizda, adabiyot muxlislari orasida obro‘ va izzat topishiga va ijod maydonida samarali faoliyat ko‘rsatishiga, hayot sinovlarini sabr va matonat bilan yengishga muhim poydevor yaratmoqda!
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri