Islomiy farzlarning biri Haj ziyoratidir. Necha asrlarki, dunyo musulmonlarining eng ezgu orzusi ana shu farzni ado etishdir.
Ayni kunlarda butun dunyo musulmonlarining e’tibori Saudiya Arabistonining ikki muqaddas shahri – Makkai Mukarrama va Madina Munavvaraga qaratilgan. Saudiya Arabistoni rasmiy idoralarining xabar berishicha, bugungacha dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridan 2 millionga yaqin ziyoratchi Haj amallarini bajarishga kelishgan. Ular qatorida o‘zbekistonlik ziyoratchilar ham bor. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining jurnalisti Nozimjon Mo‘minov boshchiligidagi ijodiy guruh ham hojilarimiz Haj amallarini qanday bajarisha haqida film yaratish uchun Saudiyada bo‘lib turishibdi. Biz Nozimjon Mo‘minov bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadamiz.

– Assalomu alaykum, Nozimjon!
– Assalomu alaykum! O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga mening “Haj-2025” mavsumi haqidagi fikrlarimga qiziqqaningiz uchun minnatdorlik bildiraman.
– Nozimjon, siz hozir qayerda turibsiz?
– Men ayni paytda Makka shahridagi eng baland binolardan biri bo‘lgan o‘sha mashhur soatli minora yaqinida turibman. U bevosita masjidul-haramning kirish joyining ro‘parasida joylashgan. “Haj-2025” mavsumi yaqinlashgani sayin bu yerda dunyoning turli yerdan kelgan millionlab ziyoratchilarini uchratish mumkin.

Bu yil O‘zbekistondan 15 000 nafardan ortiq ziyoratchi Haj ziyoratini amalga oshirishi ko‘zda tutilgan. Ularning birinchi guruhi joriy yil 13 may erta tongdan Madina shahriga parvoz qilgan bo‘lsa, oxirgi guruhi 28 mayda Madinai munavvaraga kelib tushadi.
Ular Madina shahrida 3-4 kun mobaynida ziyorat va ibodat bilan band bo‘lishyapti. Xususan, Madinada payg‘ambarimiz Muhammad allayhissalomning masjidlari, islom dini tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan manzillar – Uhud tog‘i, Qubo masjidi kabi tarixiy joylarni ziyorat qilmoqdalar. Shundan so‘ng ular bosqichma-bosqich Makka shahriga olib kelinmoqda. Bu yerda dastlab Umra amallarini bajarishmoqda.

O‘zbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish masalasiga alohida e’tibor qaratishni xohlardim. Bo‘lg‘usi hojilarimizni kutib olish marosimlari Madinada ham, Makkada ham yuqori darajada bo‘lib o‘tyapti. Yurtdoshlarimiz mehmonxonada zam-zam suvi, shirinliklar, qahva va boshqa tuhfalar bilan siylanishmoqda. Va, albatta, bu Saudiya Arabistonining O‘zbekistonga, uning ziyoratchilariga alohida hurmat va e’tibor bilan qarayotganidan dalolat.

– O‘zbekistonlik ziyoratchilar Haj amallarini bajarishlari uchun qanday shart-sharoitlar yaratilgan?
–Bu yilgi Haj mavsumida o‘zbekistonliklar uchun Madinada 1 ta, Makka shahrida 8 ta mehmonxona xizmat ko‘rsatadi. Ularda hamma sharoitlarning bekamu ko‘st bo‘lishi uchun katta tayyorgarlik ko‘rilgan. Madina shahrida “Pullman zam-zam” mehmonxonasi 5 yulduzli mehmonxona hisoblanadi. Har qadamda ishchi guruhning ancha avvaldan tayyorlangani sezilib turadi. Ziyoratchilarimiz uchun ajratilgan xonalardagi sharoitlar, ovqatlanish, tibbiy xizmat, ziyoratlarni uyushtirish uchun transport xizmatlari, ayniqsa, hamyurtlarimizni mamnun qilyapti.

Ishchi guruh tarkibida 50 nafar oliy toifali vrachlardan iborat shifokorlar brigadasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular zarurat bo‘lganda tezkor ravishda tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha dori-darmon va jihozlar bilan ta’minlangan.
10 dan ortiq oshpazlar kelishgan bo‘lib, ular ziyoratchilarimizga mazali taomlar tayyorlashmoqda. Xususan, kechagina ishchi guruh bilan ovqatlar tayyorlanadigan joyda bo‘lib, oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanishi, tayyorlanish sharoitlari bilan tanishdik. Hammasi talablar darajasida. Bu yerda ziyoratchilarimiz uchun Saudiya Arabistoni iqlimiga mos, ayni vaqtda salomatlik uchun foydali va to‘yimli oziq-ovqatlardan iborat taomnoma tuzib chiqilgan. Va, ayniqsa, ziyoratchilarimizni bu yerga moslashishlari uchun sut, qatiq, meva-sabzavotlar ham taomnomada alohida o‘ringa ega bo‘lyapti.

Bo‘lajak hojilarimizning muqaddas makon – Ka’baga borib-kelishlari uchun mehmonxonadan kechayu kunduz avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilgan va sutkaning istagan vaqtida masjidul haramga borish va mehmonxonaga qaytib kelish imkoniyati yaratilgan.
Safarga chiqqan hojilarimiz farzandlari, yaqin qarindoshlari bilan aloqada bo‘lib turishi kerak. Shularni inobatga olgan holda milliy aloqa operatori tomonidan bu yil ziyoratchilarimiz Saudiya Arabistoni bilan aloqa bog‘lash, internet aloqasidan foydalanish uchun imtiyozli ta’riflar joriy qilindi.
– Saudiya hukumati bu yildan e’tiboran mamlakatga noqonuniy ravishda Haj qilgani kelganlarni chiqarib yubormoqda. Ularni qonuniy ziyoratchilardan ajratib olishda muammolar ro‘y bermayaptimi, o‘zbekistonlik ziyoratchilarni bezovta qilishmayaptimi?

–Hozirda Saudiya Arabistonida noqonuniy ziyoratchilar oqimining oldini olish uchun nazorat choralari kuchaytirilgan. Lekin tegishli haj vizasi va beydjikka ega bo‘lganlar uchun hech qanday muammo yo‘q. Ayniqsa, ziyoratchilarimiz ham o‘zaro suhbatlarda bitta narsani ta’kidlashmoqdaki, ziyoratchilarimiz kiygan O‘zbekiston bayrog‘i ramzi tushirilgan, O‘zbekiston nomi yozilgan nimchalarga ko‘zi tushganda, nafaqat boshqa mamlakatlardan kelgan ziyoratchilar, balki tartib posbonlarining ham yuzlariga iliqlik yugurib, bizning ziyoratchilarimizga yo‘l berish, ularni oldinga o‘tkazib yuborish harakatida bo‘lishmoqda. Bu mamlakatimizga bo‘lgan hurmatning dalolati. Agar avvallari O‘zbekiston deganda ko‘proq Imom Buxoriy nomini tilga olishgan bo‘lsa, endilikda O‘zbekiston, o‘zbek degan kalomlar ko‘p tilga olinyapti. Demakki, bu tariximiz bilan faxrlanish, balki bugungi kunimiz– yangi O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatida munosib o‘rniga ega bo‘lib ulgurganidan darak bermoqda. Bu holat ziyoratchilarimizni faxrlantirmoqda va ular davlatimizga, uning rahbariyatiga qayta-qayta minnatdorlik bildirmoqda.
– Oldinda hali Haj arkonlarini bajarishdek og‘ir vazifalar turibdi. Unga tayyorgarlik ishlari qanday olib borilmoqda?
– To‘g‘ri aytasiz, oldinda yanada murakkab sinov – Haj amallarini bajarish turibdi. Ishchi guruhi ushbu amallar bajariladigan hududlarda ham tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Ziyoratchilarga Arofat tog‘i, Muzdalifa maydoni, Jamaradda amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berilmoqda. Yurtdoshlarimiz ushbu ziyoratlarni ham bekamu ko‘st ado etishlariga ishonamiz.
– Biz uchun vaqt ajratib ma’lumot berganingiz uchun katta rahmat. Hali siz bilan haj amallarini bajarish maydonlarida ham bog‘lanimiz degan umiddamiz.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/JsFRNcge3mk" title="O`zbekistonlik ziyoratchilar Haj arkonlarini bajarishga hozirlik ko`rishyapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,Elyor Olimov (video,surat),
O‘zA