O‘zbekistonlik yosh tadbirkorning startapi Silicon Valley’dan Product Hunt sahnasiga chiqdi
Bilimli yoshlar mamlakat ertasi sanaladi. O‘zbekistonlik founder Beknazar Abdikamalov tomonidan asos solingan Speko startapi bugun mashhur “Product Hunt” platformasida taqdim etildi.
Bu loyiha sun’iy intellekt bilan ishlaydigan ovozli texnologiyalar bozorida qaysi model haqiqatan ham yaxshiroq ishlashini aniqlash va eng samarali variantni avtomatik tanlashga qaratilgan.
Bugun dunyoda Voice AI — ya’ni inson ovozini tushunish, qayta ishlash va unga javob berish texnologiyalari jadal rivojlanmoqda. Biroq dasturchilar uchun muhim savol hali ham ochiq: qaysi sun’iy intellekt modeli qaysi til va qaysi vazifa uchun eng yaxshi?
Tadbirkor Beknazar Abdikamalov asos solgan Speko ana shu muammolarga yechim bermoqda.

Speko Voice AI uchun infratuzilma yaratadi va dasturchilarga turli AI voice provayderlari orasidan muayyan til hamda foydalanish ssenariysi uchun eng samarali variantni tanlash imkonini beradi. Platforma yagona API orqali Speech-to-Text, LLM va Text-to-Speech modellarini birlashtirib, ularning eng maqbul kombinatsiyasini aniqlaydi.
Bunda modellar shunchaki nomiga taqqoslanmaydi. Speko ularni Word Error Rate, latency, Time to First Token va bir daqiqalik foydalanish narxi kabi bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha muntazam sinovdan o‘tkazadi.Test natijalari esa ochiq e’lon qilinadi. Bu orqali dasturchilar qaysi model qaysi tilda va qaysi vazifada yaxshiroq natija berayotganini ko‘rishi mumkin.
Voice AI sohasida modellar tez yangilanadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan provayder ertaga raqobatchisidan ortda qolishi mumkin. “Speko” ning muhim jihatlaridan biri ham shundaki, tizim yangi natijalarni kuzatib boradi. Agar boshqa model yaxshiroq ishlay boshlasa, marshrutizatsiya avtomatik ravishda o‘zgartiriladi. Dasturchi esa integratsiyani boshidan qayta yozishga majbur bo‘lmaydi. Provayderlardan biri ishlamay qolsa, “Speko” 500 millisekunddan kam vaqt ichida zaxira variantiga o‘tishi mumkin.
Beknazar Abdikamalovning ta’kidlashicha, hech bir provayder barcha yo‘nalishlarda birdek eng yaxshi bo‘la olmaydi. Ayniqsa, Voice AI’da natija ko‘p jihatdan tilga bog‘liq. – Hech bir provayder barcha yo‘nalishda eng yaxshi bo‘la olmaydi, sifat esa ko‘p jihatdan tilga bog‘liq, deydi Beknazar Abdikamolov. – Biz har bir so‘rovni ayni vaqtda eng yaxshi natija ko‘rsatayotgan stackka yo‘naltiramiz.
Aslida bu g‘oya qayerdan paydo bo‘lgan?
“Speko” g‘oyasi Beknazar Abdikamalovning Hupo kompaniyasidagi tajribasi asosida shakllangan. U mazkur kompaniyada to‘rt yil davomida co-founder va CTO sifatida ishlagan. Hupo jami 14 million dollar investitsiya jalb qilgan hamda Morgan Stanley, Prudential, HSBC va Grab bilan bog‘liq loyihalar uchun bir nechta tilda Voice AI yechimlarini ishlab chiqqan. Aynan shu jarayonda jamoa har bir yangi bozor uchun speech-modellarni qo‘lbola tarzda solishtirishiga to‘g‘ri kelgan. Qaysi model qaysi tilda yaxshiroq ishlaydi, qaysi biri tezroq va qaysi biri arzonroq — bularning barchasini alohida tekshirish vaqt talab qilgan. Shu ehtiyoj keyinchalik Speko konsepsiyasiga aylangan.
Beknazar Abdikamalovning texnologik sohadagi tajribasi bundan ham oldin boshlangan. U avval Amazon’da software engineer, shuningdek, Tridge kompaniyasining dastlabki muhandislaridan biri bo‘lib ishlagan. Uning Y Combinator’ga kirish yo‘li ham oson kechmagan. Abdikamalov akseleratorga to‘rtinchi urinishda qabul qilingan. U O‘zbekistondan Y Combinator’ga qabul qilingan ilk solo-founder sifatida ham qayd etilmoqda.
2026-yilda San-Fransiskoda tashkil etilgan “Speko” bugun o‘z taraqqiyotidagi yana bir muhim bosqichga qadam qo‘ydi — startap Product Hunt platformasida ommaga taqdim etildi.
“Product Hunt” dagi taqdimot esa oddiy prezentatsiya emas. Platformadagi dastlabki ovozlar, qo‘llab-quvvatlash va foydalanuvchilarning e’tibori startapning reytingdagi o‘rniga ta’sir qiladi. Bugun sun’iy intellekt dunyodagi eng raqobatli texnologik yo‘nalishlardan biriga aylangan bir paytda, o‘zbek founder’i yaratgan Speko’ning maqsadi aniq: eng yaxshi AI modelini qidirish emas, balki har bir til va har bir vazifa uchun aynan eng yaxshisini topishdan iborat.
Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi, O‘zA