O‘zbekistonlik sambochilar Osiyo-Okeaniya chempionatida muvaffaqiyatga erishmoqda
Filippin poytaxti Manila shahrida sambo bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo-Okeaniya chempionatining ilk kunida mamlakatimiz sportchilari 11 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi.
Chempionatning ilk kunida o‘smirlar o‘rtasida kechgan murosasiz bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 4 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Terma jamoamiz a’zolaridan Davlatjon Kozimov, Abdulloh Rahmonov, Saddam Qurbonov, Hidoyat Do‘sbekova o‘smirlar o‘rtasida qit’a chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan vaziyatda Muhammadjon Yusupov, Ruxshona Azimova kumush, Dilmurod Do‘stmurodov, Vladislav Tyo, Behruzbek Rahimov, Marjona Hazratqulova, Nargiza Halimova bronza medallariga ega chiqdi.

Manilada o‘tkazilayotgan sambo bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionatida qit’a sambo ittifoqi hakamlar hay’ati raisi Islom Odilov yetakchiligidagi 5 nafar o‘zbekistonlik hakamlar musobaqalarni boshqarib borishda ishtirok etmoqda.
Osiyo-Okeaniya chempionati 28-iyunga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA