Ozarbayjon va O‘zbekiston — tili, an’ana va urf-odatlari jihatidan bir-biriga juda yaqin davlatlar. Bugungi kunda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, o‘zaro do‘stligi tufayli siyosiy, iqtisodiy, fan, ta’lim, madaniyat sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari chuqurlashib, mamlakatlarimiz o‘rtasida tobora ko‘proq qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Hozirgi zamonaviy bosqichda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda din, til, madaniyat va an’analarning tarixiy mushtarakligi muhim o‘rin tutadi. Ma’lumki, atoqli o‘zbek va ozar mumtoz adabiyotining yetuk namoyandalari – Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Nizomiy Ganjaviy, Nosiriddin Tusiy, Muhammad Fuzuliy va boshqa bir qator allomalarning ijodi nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki butun insoniyat mulki hisoblanadi. Ular qoldirgan buyuk merosni xalqlarimiz yuksak qadrlaydi.
Boku shahrida Alisher Navoiy, Toshkent shahrida esa Nizomiy Ganjaviy va Haydar Aliyev haykallari o‘rnatilgan. O‘zbekiston davlat pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomi bilan ataladi, Ozarbayjonda esa Alisher Navoiy nomidagi qishloq bor. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2023 yilda Fuzuliy shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi 960 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy maktab barpo etilgani mustahkam do‘stlik va hamjihatlikning yana bir belgisi bo‘ldi.
[gallery-23578]
Bugun O‘zbekiston taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘ydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lishi bu borada muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zaro hamkorlik yo‘lidagi bu qutlug‘ qadam bugun amaliy samarasini bermoqda. Buni O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy-adabiy hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani, jumladan, oliy ta’lim muassasalari professor o‘qituvchilarining o‘zaro tajriba almashayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.
Ozarbayjon Respublikasining Boku davlat universiteti taklifiga binoan o‘zbekistonlik olimalar joriy yilning 19- 25 may kunlari mazkur davlatga xizmat safarida bo‘ldi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti Filologiya fakulteti “O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik” kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Gulbahor Ashurova va Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti Pedagogika va psixologiya fakulteti “Umumiy pedagogika” kafedrasi katta o‘qituvchisi, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Dilorom Adilova ozarbayjonlik talabalarga ma’ruza o‘qidi.
Investitsiya jalb etish va mobil almashinuvi dasturi doirasida tashkil etilgan xizmat safari davomida Gulbahor Ashurova Baku davlat universitetining talabalariga “O‘zbek – Ozarbayjon adabiy aloqalari: Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy”, “O‘zbek – Ozarbayjon adabiy aloqalari: Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy”, “Mustaqillik davri O‘zbek – Ozarbayjon adabiy aloqalari: Akademik Shuhrat Sirojiddinovning “Amir Alisher” kitobining ozarbayjon tilidagi nashri” asarining jahoniy o‘rni hamda ahamiyati, dunyo tamaddunida tutgan o‘rni” mavzularida ma’ruza o‘qidi.
Dilorom Adilova “Ma’naviy-axloqiy tarbiya: xalqaro tajriba va innovatsion yondashuvlar”, “Amir Temurning fan, madaniyat va ma’rifat rivojiga qo‘shgan hissasi, Temur tuzuklari” asarining jahoniy o‘rni hamda tarbiyaviy ahamiyati” hamda “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining dunyo tamaddunida tutgan o‘rni, Bobur asarlarida vatanparvarlik masalalari” mavzusida ma’ruza qildi. Boku davlat universiteti talabalari va professor o‘qituvchilari ushbu ma’ruzalarni katta qiziqish bilan tinglashdi. Mashg‘ulotlar pedagogik texnologiyalar asosida savol-javoblar, bahs munozaralarga boy bo‘ldi.
Tashrif doirasida o‘zbekistonlik olimalar Baku davlat universitetidagi hamkasblari bilan tajriba almashdi. O‘zbekiston universitetlariga xorijiy talabalarni jalb qilish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Baku shahrida 21 may kuni Ozarbayjon va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, shoira Xuraman Murodovaning “Vatan ishqi – Turon sevgisi” deb nomlangan kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid va bir qator xorijiy mamlakatlarning elchilari va diasporasi a’zolari, Ozarbayjon Yozuvchilari uyushmasi a’zolari ishtirok etgan tadbirda o‘zbekistonlik olimalar ham so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjonning qardoshlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, xalqlarimiz farovonligi yo‘lida ikki mamlakat hamkorligini mustahkamlash muhim bosqich bo‘lib qolishi ta’kidlandi. Tadbir doirasida o‘tkazilgan kitobxonlik targ‘iboti ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Taniqli professor-o‘qituvchilar, olim va shoirlar tomonidan ikki qadim |xalqni ma’rifat, adabiyot, san’at va qalb yo‘llari hamisha birlashtirib turishi e’tirof etildi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti nomidan Nizomiy Ganjaviy nomidagi Ozarbayjon milliy adabiyot muzeyiga esdalik sovg‘alari va kitoblar jamlamasi topshirildi.
Ozarbayjon Ilmlar Akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti huzuridagi “O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon” bo‘limiga tashrif ham samarali bo‘ldi. Unda bo‘lim rahbari professor Almaz Ulvi tomonidan nashr etilgan ikki xalqning buyuk farzandi Maqsud Shayxzodaning «Gazal mulkining sultoni» nomli kitobining taqdimoti bo‘ldi. Mazkur kitobni o‘zbek tilidan ozarbayjon tiliga Almaz xonim tarjima qilgan.
O‘zbek olimalarining Boku safari ikki xalq ma’naviy qadriyatlarini yuksaltirish yo‘lidagi o‘ziga xos qadam bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tashrif doirasida o‘zaro tajriba almashish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolash yuzasidan fikr almashildi.
O‘zA