Yaxshi xabar
Ilm-fan taraqqiyoti insoniyat kelajagini belgilab beruvchi eng muhim omillardandir. Nufuzli xalqaro akademiyalar esa olimlarning fidokorona mehnatini e’tirof etib, ularning yutuqlarini jahon miqyosida tan oladi.
Shu kunlarda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida Jahon Fanlar akademiyasi (TWAS)ning navbatdagi Bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Bu yilgi konferensiyada sog‘liqni saqlash, iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish va innovatsiyalar kabi dolzarb mavzular muhokama qilinmoqda, – deyiladi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ma’lumotida.
Joriy yil boshida Jahon Fanlar akademiyasi akademigi etib saylangan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Shahlo Turdiqulovaga mazkur konferensiyada rasmiy diplom tantanali ravishda topshirildi.

Ma’lumot uchun: TWAS – 1983 yili tashkil etilgan nufuzli xalqaro akademiya bo‘lib, dunyo bo‘ylab eng yirik va taniqli olimlarni birlashtiradi. Akademiyada 100 dan ortiq mamlakatdan 1 400 dan ziyod yetakchi olimlar bo‘lib, tarkibida Nobel mukofoti sohiblari hamda turli sohalarda ulkan yutuqlarga erishgan yetakchi olimlar faoliyat yuritadi.
M. HOJIAKBAROVA, O‘zA