O‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Malayziyada xalqaro malaka oshirish dasturi tashkil etildi
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar asosida rivojlantirish dunyo davlatlari oldidagi ustuvor vazifa sanaladi. O‘zbekistonda ham agrar tarmoqni raqamlashtirish, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish hamda mutaxassislar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Malayziya bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 30 nafardan ortiq mutaxassis “Young Scientists Uzbekistan @ UPS” xalqaro dasturida ishtirok etmoqda.
Unda ishtirokchilar “Green & Smart Cities”, ekologiya, sun’iy intellekt, IoT texnologiyalari, raqamli ta’lim, innovatsion tadqiqot metodologiyasi hamda xalqaro ilmiy maqolalar tayyorlash bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlamoqda, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Malaka oshirish jarayonlari Malayziyaning Kuala-Lumpur, Perak, Penang, Langkavi va boshqa hududlarida olib borildi.
Qayd etish joizki, Young Scientists Uzbekistan @ UPS – Malayziyadagi yirik pedagogika oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet asosan pedagogika, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va o‘qituvchilar tayyorlash yo‘nalishlariga ixtisoslashgan. So‘nggi yillarda universitet sun’iy intellekt, raqamli ta’lim, ekologiya va innovatsion tadqiqotlar yo‘nalishlarida xalqaro hamkorlikni kengaytirib bormoqda.
Dastur doirasida atrof-muhit muhofazasi, iqlim o‘zgarishi, yerlar degradatsiyasi va tuproq sho‘rlanishi kabi dolzarb ekologik masalalar ham muhokama qilinmoqda.
Mutaxassislarning xalqaro malaka oshirish dasturlarida ishtirok etishi kelgusida milliy agrar ilm-fanni rivojlantirish, innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA