O‘zbekistonlik adib Ismat Ko‘chiyev Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zo bo‘ldi
Ismat Ko‘chiyev o‘zining serqirra ijodida faqat mamlakatimizning tarixiy siymolari faoliyatini atroflicha yoritish bilan cheklanib qolmaganligi diqqatga sazovordir. Binobarin, qardosh va qondosh Ozarbayjon mavzusi adibning ijodida alohida o‘rin tutadi. Uning qalamiga mansub “Haydar Aliyevning g‘alabasi”, “Ozarbayjon g‘alabasi” asarlari ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi asriy yaqin do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlanishiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shildi.
Mustaqil Ozarbayjonning ilk rahbarlaridan biri Haydar Aliyev o‘z paytida Sharof Rashidovning yaqin do‘sti va hammaslagi bo‘lgani tarixdan yaxshi ma’lum. Bugungi Ozarbayjonning gullab-yashnashi, uning hududiy yaxlitligi ta’minlanishi uchun Haydar Aliyev mustahkam asos yaratgan yirik davlat arbobi edi. Haydar Aliyev boshlab bergan tarixiy ishlarni uning vorisi, bugungi kunda mamlakat Prezidenti Ilhom Aliyev og‘ishmay hayotga tadbiq etmoqda.
Ismat Ko‘chiyevning Ozarbayjon mavzusiga bag‘ishlangan asarlari keng jamoatchilik, jumladan qardosh mamlakat hukumati tomonidan yuksak baholandi. U mazkur asarlari uchun “Ozarbayjon do‘sti” oltin ordeni bilan taqdirlandi.
Qardosh Boku shahridan kuni kecha yana bir xushxabar keldi. O‘zbekiston va Ozarbayjon do‘stligiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan taniqli shoir va adib Ismat Ko‘chiyev Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zo sifatida qabul qilinib, unga tegishli guvohnoma taqdim qilindi. Ismat Ko‘chiyev endilikda bir yo‘la uch davlat – O‘zbekiston, Belorussiya va Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmalarining a’zosi hisoblanadi. Bu Ismat Ko‘chiyevning adabiy xizmatlari hatto xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotganining isboti sanaladi.
Jovli XUSHBOQOV,
O‘zA muxbiri