O‘zbekistonga oid kitoblar Koreya Milliy Assambleyasi kutubxonasidan o‘rin oldi
O‘zbekistonning tarixi, milliy davlatchiligi, madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi kitoblar Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi kutubxonasi fondiga kiritildi. Nashrlar jamlanmasi “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan ushbu mamlakatga xizmat safari doirasida taqdim etildi.
Jamlanmadan Prezident Shavkat Mirziyoyevning asarlari, mamlakatimizning ko‘p asrlik tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar, shuningdek, O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti hamda rivojlanish yo‘nalishlarini yorituvchi nashrlar o‘rin olgan.

– Kitoblarning Koreya Milliy Assambleyasi kutubxonasidagi Markaziy Osiyo pavilonidan o‘rin olishi biz uchun muhim ahamiyatga ega. Endi koreyalik tadqiqotchilar, talabalar, olimlar va kitobxonlar ushbu nashrlar orqali O‘zbekistonning tarixi, madaniyati va bugungi taraqqiyoti haqida kengroq ma’lumot olishlari mumkin.
Bu tashabbus natijasida mamlakatimizning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz, – dedi “O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati bosh mutaxassisi Hulkar Jo‘rayeva.

Ayni paytda “O‘zbekgidroenergo” AJ delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi davomida gidroenergetika sohasidagi ilg‘or tajribani o‘rganish, hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish va sohaviy aloqalarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha ham uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston haqidagi kitoblarning Koreya Milliy Assambleyasi kutubxonasi fondiga taqdim etilishi esa ushbu tashrif doirasidagi madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi muhim tashabbuslardan biridir.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA