Guruch dunyo bo‘ylab eng ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulot sifatida tan olingan. Ushbu mahsulot tarkibi xilma-xil foydali moddalarga boy. Guruch tarkibidagi kaliy ovqat bilan birga tushgan tuzning zararli ta’sirini kamaytiradi, yurak qon-tomir tizimini yaxshilaydi va asab tizimini tinchlantiradi. Bundan tashqari, unda suyaklarning mustahkamligimi ta’minlovchi kalsiy, fosfor, temir, asab tizimi uchun muhim bo‘lgan rux, yod, mis kabi bir necha oganizm uchun kerakli moddalar mavjud.
Xo‘sh, ushbu mahsulot asosan qaysi davlatlardan keltiriladi? Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston 13 ta davlatdan qiymati 2,9 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 6,5 ming tonna guruch import qilgan.
4,3 ming tonna mahsulot Qozog‘istondan keltirilgan. Geografik yaqinlik, logistika qulayligi va savdo aloqalarining mustahkamligi bu natijaning asosiy sabablaridan.

Hindiston guruch eksportida dunyo yetakchilari qatoridan joy olgan davlat sifatida O‘zbekistonga 1,1 ming tonna guruch yetkazib bergan. Pokistondan esa 186 tonna guruch import qilingan. Bu esa dunyoda yetishtirilayotgan guruchlarning eng yaxshi turlari mamlakatimiz bozorlariga kirib kelayotganidan dalolat beradi.
Qirg‘iziston 582 tonna guruch bilan O‘zbekiston bozorida sezilarli rol o‘ynagan. Bu geografik yaqinlik va bojxona-soliq tizimidagi yengilliklar evaziga deyish mumkin. Xitoy esa yuqoridagi davlatlarga nisbatan kam (66 tonna) hajmda guruch yetkazib bergan.
O‘zbekistonda ham guruch yetishtiriladi, ammo iqlim o‘zgarishlari, suv resurslarining cheklanishi, ekin maydonlarining qisqarishi kabi omillar guruch hosildorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli, import muqobil yechim sifatida qaraladi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA