O‘zbekistonga 1,2 million doza Pfizer-BioNTech vaksinasi keltirildi
13 sentyabr kuni mamlakatimizga AQSH hukumati tomonidan COVAX dasturi asosida ajratilgan 1 million 200 ming doza Pfizer-BioNTech vaksinasi keltirildi.
– Biz COVID-19ga qarshi kurashda global birdamlikning guvohi bo‘lyapmiz va pandemiyaga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdormiz, – dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev. – Bugun qabul qilib olingan vaksinalar butun mamlakat bo‘ylab taqsimlanadi.

COVAX dasturi doirasida COVID-19ga qarshi vaksinatsiyani amalga oshirishni tezlashtirish uchun O‘zbekistonga yaqin oylarda qo‘shimcha preparatlar keltirilishi kutilmoqda. Ushbu dastur barcha mamlakatlarni xavfsiz va samarali vaksinalar bilan ta’minlashga qaratilgan.

Ayni paytda O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC2001, AstraZeneca, "Sputnik V" va Moderna vaksinalaridan foydalanilmoqda. Pfizer/BioNTech vaksinasi yurtimizga qo‘llanilayotgan beshinchi vaksina bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan xabar qilishlaricha, mamlakatimizga keltirilgan jami vaksinalar 24 million dozadan oshgan. Ayni kungacha to‘liq emlangan fuqarolar 3 million 121 ming nafarni tashkil qilmoqda.
