O‘zbekistondan qancha kishi xorijga doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan?
Xorijga doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketish O‘zbekiston aholisi migratsiyasidagi muhim jarayonlardan biri sanaladi.
Statistika agentligining navbatdagi ma’lumotlarida 2026-yilning dastlabki olti oyida mamlakatimizdan qaysi davlatlarga va qaysi hududlardan ko‘proq fuqarolar doimiy yashash uchun ko‘chib ketgani aks etgan.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga doimiy yashash maqsadida 5 ming 422 nafar fuqaro ko‘chib ketgan.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 129 nafarga yoki 2,3 foizga kamaygan.
Xorijga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganlarning asosiy qismi Qozog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, ko‘chib ketganlarning 83 foizi Qozog‘istonga, 14,1 foizi Rossiya Federatsiyasiga yo‘l olgan.
Shuningdek, ko‘chib ketganlarning 0,8 foizi Koreya Respublikasiga, 0,6 foizi Qirg‘iz Respublikasiga, qolgan 1,5 foizi esa boshqa davlatlarga safar qilgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p fuqaro Qoraqalpog‘iston Respublikasi (1 899 nafar), Toshkent viloyati (1 431 nafar) va Navoiy viloyati (1 203 nafar) hisobiga to‘g‘ri keldi.
Bundan tashqari, Toshkent shahridan 492 nafar, Xorazm viloyatidan 79 nafar, Buxoro viloyatidan 59 nafar, Jizzax viloyatidan 50 nafar va Samarqand viloyatidan 48 nafar fuqaro xorijga doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan.
Eng kam ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatida qayd etilib, ushbu hududdan 9 nafar fuqaro xorijga doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketgan.
Umuman olganda, 2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistondan xorijga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan biroz kamaygan.
Hamroz Bayonov, O‘zA