Poytaxtimizda o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi bag‘rikenglikni ta’minlashga doir siyosat yuksak baholandi. Bu jihatlarni xalqaro anjuman ishtirokchilari ham alohida e’tirof etmoqda.
Yepiskop Xose Luis Mumbiyela Serra, Markaziy Osiyo katolik yepiskoplari konferensiyasi raisi (Qozog‘iston):
– O‘zbekistonga avval ham bir necha bor kelganman. Bu yerda turli din va millat vakillarining hamjihatlikda o‘zaro tinch-totuv hayot kechirayotgani, umuman, diniy bag‘rikenglikning yuksak madaniyati shakllangani meni hayratlantiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bugun mamlakatingizning tez sur’atlar bilan rivojlanib, xalqaro miqyosdagi nufuzi tobora yuksalib borishida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik muhitining to‘liq ta’minlangani muhim rol o‘ynamoqda.
Bugungi notinch, turli nizolar kuzatilayotgan vaziyatda turli millat, din vakillarini bir joyga jamlab, tinchlik, farovonlikni ko‘zda tutgan mushtarak maqsadlar ilgari surilayotgani juda katta jasorat va dunyo hamjamiyatiga namuna.

Sergey KRETOV, Novoapostol cherkovi Markaziy Osiyo okrugi rahbari:
– Hozirda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari istiqomat qiladigan multikonfessional O‘zbekiston jamiyatida bag‘rikenglikni targ‘ib qilish yurt rivojining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Biz O‘zbekistonda dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashning o‘ziga xos modeli shakllangani guvohi bo‘ldik. Uning o‘ziga xos jihati shundaki, har bir din vakiliga teng huquq va erkinlik berilgani va emin-erkin ibodatlarini amalga oshirishga sharoit yaratilganidir.
Shuni aytish muhimki, keyingi yillarda yangi O‘zbekistonda dinlararo muloqot sohasida ko‘plab ijobiy islohotlar amalga oshirilayotgani guvohi bo‘lmoqdamiz va bu bizni mamnun qiladi. Bugungi konferensiya ham fikrimizning yaqqol misoli bo‘ladi.

Sanjit DJXA, MDH Hind forumi raisi, Rossiya Hind Kengashi raisi:
– Bugungi tashkil etilgan “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” konferensiyasini dunyoda noyob tadbir deb hisoblayman.
Men bir necha din va millat vakillari yashaydigan davlatlarni bilaman. Lekin, O‘zbekistondagidek millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik masalasiga davlat rahbari darajasida e’tibor beriladigan biror mamlakatni bilmayman.
O‘zim shaxsan Krishna jamiyati vakili hisoblanaman. Qadimgi sanskrit tilida yozilgan hinduiylik dini manbalarida qayd etilishicha, bu dunyo unda yashayotgan din va millat vakillaridan qat’i nazar, katta oiladir. Men aynan O‘zbekistonda bir nechta millat va elatlarning ahil va inoq oiladek yashayotganiga guvoh bo‘ldim. Bunday nufuzli anjumanda ishtirok etayotganimdan g‘oyatda mamnunman.

Vladimir PROVOROV, Rossiya Yevangel-Lyuteran cherkovi arxiyepiskopi:
– O‘ylaymanki, mazkur konferensiya O‘zbekistondagi turli millat va elat vakillarining tinch-totuv, umumjamiyat rivoji yo‘lidagi sa’y-harakatlariga hamohang. O‘zbekiston Prezidentining millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan siyosati mamlakatdagi turli millat vakillarini bir maqsad sari birlashtirmoqda. Bu yangi O‘zbekistonning insonparvarlik islohotlaridan biri sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.