Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 apreldagi bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir farmoniga muvofiq Davlat bojxona qo‘mitasida Bojxona rasmiylashtiruvi markazi barpo etildi.
Markazda ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “sall-markaz”, targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limlari tashkil etildi.
Axborot tizimlari xorijiy davlatlar, mamlakatimiz vazirlik va idoralari, tashqi iqtisodiy faoliyat vakillari, aviakompaniyalar ma’lumotlari bilan integratsiya qilindi.
Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limi Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ochilgan.
[gallery-13485]
Bu yerda tezkor tuzilmalar tomonidan bojxonaning 50 ta, Jahon bojxona tashkilotining 3 ta axborot dasturi, 30 dan ortiq idora va xorijiy bojxonalarning ma’lumotlari tahlil qilinib, xavf-xatarlar baholanadi va barcha bojxona postlari faoliyati masofadan boshqariladi.
- Markaziy bojxona laboratoriyasi ekspertiza jarayonlarini qisqartirish va aniqligini oshirishga qaratilgan ilg‘or uskunalar bilan jihozlandi, — deydi Bojxona qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Otabek Choriyev. - Soha raqamlashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi vaqti o‘rtacha ikki barobarga qisqardi. Masalan, eksport yo‘nalishida shu vaqt 2017 yilda 5 soat 42 daqiqa bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda 30 daqiqani tashkil etmoqda. Import tovarlarining 80 foizi va eksport tovarlarining 89 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Bojxona yuk deklaratsiyalarini sun’iy intellekt yordamida avtomatik rasmiylashtirish hajmi ham oshirildi.
Eng muhimi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan markazdan turib barcha bojxona postlari faoliyati masofadan boshqariladi. Mana shu texnologiyalar ko‘magida yurtimizga kirib kelayotgan noqonuniy tovarlar tezkor aniqlanmoqda.
Misol uchun, yaqinda Bojxona qo‘mitasi va DXX tomonidan “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona komleksining “Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida havo yo‘llari orqali xorijdan olib kelinib, so‘ngra yuk avtotransport vositasi orqali tranzit tarzida olib o‘tilishi rejalashtirilgan ming qop qandolat ko‘knori urug‘lari bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Hujjatlarda qandolat ko‘knorisi, deb ko‘rsatilgan 25 tonna urug‘ va somon tarkibida, haqiqiy giyohvandlik vositasi hisoblangan 8,5 tonna ko‘knori somoni borligi aniqlangan. Shuningdek, chegaradan yana 70 kg giyohvandlik moddasi olib kirilishining oldi olindi. Bu markazdagi zamonaviy texnologiyalar noqonuniy tovarlar olib o‘tilishining oldini olishda muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.
E’tiborlisi, katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlash, tahlil qilish, kiberhujumlarni barvaqt aniqlash maqsadida tashkil etilgan ushbu markaz amaldagi zaxiraga nisbatan o‘n barobar katta hajmli zamonaviy serverlar, kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan.
Ayni paytda masofaviy elektron deklaratsiyalash posti Toshkent shahri tadbirkorlari tomonidan bojxona idoralariga masofadan turib taqdim etiladigan bojxona yuk deklaratsiyalarini tezkorlik bilan rasmiylashtirishni amalga oshirmoqda. Bu respublika bo‘yicha taqdim etilayotgan jami deklaratsiyalarning 50 foizi (kuniga 3 ming dona)ni tashkil etadi. Keyinchalik bu respublika bo‘ylab kengroq joriy etiladi.
Keyingi 5 yilda tashqi iqtisodiy faoliyat sub’ektlari soni 2-3 barobar oshib, 28 ming nafarga yetdi. Chegaralarimiz orqali harakatlangan fuqarolar soni esa 2,2 barobarga ortib, 17 million nafarni tashkil etmoqda. Tabiiyki, bu bojxona sohasiga doir murojaatlarning ko‘payganini anglatadi.
Shu bois “Bojxona rasmiylashtiruvi markazi”da zamonaviy shart-sharoitlar bilan ta’minlangan “sall-markaz” o‘z faoliyatini boshladi.
Markaz fuqarolar va tadbirkorlarning bojxona organlarining 1108 ishonch telefoni hamda qo‘mita veb-sayti orqali kelib tushayotgan barcha murojaatlarini onlayn ravishda qabul qilish hamda javobni baholash imkoniyatini beradi.
– Bir kunda 1,2 mingdan ortiq murojaatni kunu-tun qabul qilish va muammoli holatlarni tezkor hal imkoniyati yaratildi, - deydi Bojxona rasmiylashtiruvi markazi operatori Muhabbat Holmuhammedova. – Bojxona nazorati, bojxona rasmiylashtiruvi, bojxona to‘lovlari, valyuta olib o‘tish tartibiga oid murojaatlar ko‘proqroq tushmoqda. Tovar va transport olib o‘tish tartibi bo‘yicha ham savollar kelib tushayapdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham maxsus botlar ishga tushirilgan. Barcha murojaatlar axborot tizimi ko‘magida muvofiqlashtiriladi. Ularning soni, turi, mazmuni real vaqt rejimida tahlil qilib boriladi. Natijada murojaatlar bo‘yicha tezkor vaziyatga baho berish, tadbirkor hamda fuqarolar kayfiyatini bilish, bildirilayotgan takliflarni o‘rganish, monitoringda tizimli muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish imkoniyati yuzaga keladi.
Erishilayotgan ijobiy natijalar Bojxona organlari va Jahon bojxona tashkiloti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik rivojlanayotgani tufaylidir.
Alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomini olgan o‘ninchi davlat hisoblanadi. Ushbu laboratoriya xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 13 nafar ekspert tomonidan nikotin mahsulotlari, genetik modifikatsiyalangan organizmlar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ekspertizasini amalga oshirish uchun zarur qurilmalar bilan jihozlangan.
– Raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda, - deydi Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ilhom Muxtorov. –O‘tgan davr mobaynida qo‘mitaning dasturchilari tomonidan ishlab chiqilgan 20 ta yangi axborot tizimi, 13 ta yangi elektron xizmat (jami 43 ta), 6 ta mobil ilova yaratildi. Nazorat va rasmiylashtiruv jarayonlarini tezlashtirish maqsadida yangi “E-tranzit”, “Yuk operatsiyalari”, “Elektron bojxona kuzatuvi”, “Bojxona ko‘rigi” axborot tizimlari amaliyotga joriy etildi. Natijada ushbu yangi tizimlar orqali 1,6 milliondan ortiq deklaratsiya rasmiylashtirilib, 700 mingga yaqin yuk operatsiyalar amalga oshirildi.
Ilgari chegara postlarida tarozi, rentgen qurilmasi, transport raqamini qayd etish, shlagbaum va boshqa jarayonlarning har biriga xodim jalb etilgan bo‘lsa, hozirda mazkur transport nazoratini sun’iy intellekt yordamida, ya’ni inson omilisiz amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Yagona axborot tizimida bir vaqtning o‘zida ishlash imkoniyati yaratildi va to‘lovlarni yagona hisob varaq asosida to‘lash yo‘lga qo‘yildi. Natijada 236 milliard so‘m undirildi.
Muhimi, har bir idoraga alohida kvitansiya yozib berish, tovarlarni omborlarga joylashtirish, ro‘yxatga olish, hujjatlardan nusxalar olib qolish qog‘ozbozlikdan voz kechildi.
Bojxona yuk deklaratsiyalarini sun’iy intellekt yordamida avtomatik rasmiylashtirish hajmi 15 foizga yetkazilib, bu ko‘rsatkich eksportda 85 foizni tashkil qildi.
Bunday keng ko‘lamli ishlar natijasida Bojxona qo‘mitasi respublikamiz miqyosida raqamlashtirish bo‘yicha idoralararo reyting baholash tizimida birinchi o‘rinni egalladi.
Bojxona qo‘mitasi huquqiy targ‘ibot yo‘nalishida ham 93 ball bilan qo‘mitalar ichida birinchi o‘rinda.
Bojxona infratuzilmasini takomillashtirish, sohani korrupsiyadan holi tizimga aylantirish, kadrlar salohiyatini oshirishga, udlarga zarur sharoitlar yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, bir yilda o‘rtacha 14 million nafar fuqaro va 1,3 million avtotransport harakatlanadigan 52 chegara postidagi sharoitlar yaxshilandi.
“Olot”, “Do‘stlik”, “Yallama” chegara postlari eng zamonaviy inspeksion ko‘rik majmuasi (Z-Portal) bilan jihozlandi. “G‘ishtko‘prik”, “Navoiy” “Dovut-ota” chegara postini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida qayta qurish, kengaytirish, yondosh hududida terminallar barpo etish ishlari davom ettirilmoqda. Mazkur postlarda o‘tkazuvchanlik qobiliyati kamida 4 barobarga oshishi kutilmoqda.
Tadbirkorlarning moliyaviy barqarorligini yanada mustahkamlash maqsadida ushbu davrda 82 trillion so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz va tarif preferensiyalari qo‘llanilib, 9,8 trillion so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.
Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Noqonuniy olib o‘tilayotgan 5,4 million dollarga teng naqd xorijiy valyuta, 193 kg tilla, zargarlik buyumlari aniqlandi. 27 mingga yaqin holatda 1,3 trillion so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.
Kontrabandaga qarshi kurashish, aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar natijasida 1,1 ming kg.dan ziyod giyohvandlik vositalari ushlab qolindi. Shuningdek, 530 ming dona kuchli ta’sir etuvchi va 9 ming dona psixotrop modda, 36 dona qurol, mingdan ortiq o‘q-dorilar, 3 million qutidan ortiq tamaki mahsuloti ushbu qolindi.
Shahnoza Mamaturopova,
Murodxon Xo‘jayev (rasm), O‘zA