O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan 20 ta bino modernizm davri obyekti maqomini oldi va milliy madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-aprelda “Moddiy madaniy meros obyektlarining milliy ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat O‘zbekiston xalqining milliy boyligi hisoblangan modernizm davri moddiy madaniy merosini muhofaza qilish, asrab-avaylash va ulardan foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, yodgorliklarni tizimlashtirish, ro‘yxatini tuzish, tarixiyligini saqlash hamda ahamiyatini oshirishni maqsad qilgan.
Birinchi bosqichda Davlat san’at muzeyi, “O‘zbekiston” va “Shodlik” mehmonxonalari, “Kosmonavtlar” metro bekati, Aviatsiya ishlab chiqaruvchilar saroyi kabi 10 ta yangi obyekt ro‘yxatga kiritildi, 10 obyektning maqomi o‘zgartirildi. Quyosh instituti, Toshkent davlat sirki, Toshkent teleminorasi, “Xalqlar do‘stligi” saroyi, Alisher Navoiy nomidagi san’at saroyi, “Turkiston” konsert zali va uning yozgi maydoni kabi yana qator hududlar ro‘yxatdan o‘rin oldi.
Jamg‘arma, shuningdek, yuqorida qayd etilgan modernizm uslubidagi binolarni YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun nomzodnoma tayyorlayapti.
Bundan tashqari, mazkur qaror asosida Madaniy meros agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda modernizm davri obyektlarini belgilangan tartibda davlat kadastriga kiritish choralarini ishlab chiqadi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA