Suv iste’moli va sug‘orish tizimi tarixi, buguni va kelajagi haqida suhbat
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Geologiya fanlari universiteti tasarrufidagi “Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti” davlat muassasasi rahbari Qodirjon Mingboyev bilan O‘zbekistondagi yer osti suvlari tarixi, quduqlar va iste’mol madaniyati haqida suhbatlashdik.
– O‘zbekiston hududida bundan 1 ming 500 yil oldin ilk suv quduqlari qazilgan. Ulardan biri hozirgi davrda ham mavjud, – deydi Qodirjon Mingboyev. – Bu qazilishi V asrlarga to‘g‘ri keladigan Xiva shahridagi Ichan qal’aning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Xeyvak suv qudug‘idir.
Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, qadimda Sharq bilan G‘arbni bog‘lab turgan Buyuk ipak yo‘li o‘tgani sababli suv quduqlari asosan Farg‘ona vodiysi, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida ommalashgan bo‘lib, ular ko‘p hollarda qo‘lda kavlangan. Ularning chuqurligi turlicha bo‘lib, bir necha metrdan 200 metrgacha bo‘lgan. Masalan, yuqorida aytib o‘tilgan Xiva shahridagi mashhur Xeyvak suv qudug‘ining chuqurligi 10 metrni, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Pomuq shaharchasidagi suv qudug‘ining chuqurligi 97 metrni tashkil etgan.
—Bugungi kunda yurtimizda qancha suv quduqlari bor?
—O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab taxminan 100 mingdan ortiq suv quduqlari mavjud. Quduq suvlaridan turli maqsadlarda foydalaniladi. Tabiiy sharoitga mos ravishda, yilning ma’lum davrlarida quduqlar qurib qolishi ham mumkin.
Hamma quduqlardan ham chiqadigan yer osti suvlari ichishga yaroqli emas. Suv quduqlaridan asosan ichimlik, yerlarni sug‘orish va turli xil xo‘jalik ehtiyojlari uchun foydalanilgan.
— Yurtimizdagi suv quduqlaridan elektr energiyasi olishda foydalanish mumkinmi?
– Yuqori temperaturaga (90-100 gradus) ega bo‘lgan issiq suv chiqadigan quduqlardan elektr energiyasi emas, balki issiqlik energiyasi sifatida foydalansa bo‘ladi.
— Bugungi kundagi suv quduqlarining umumiy chuqurligi qancha bo‘lishi kerak. Ularni qazishda nimalarga e’tibor beriladi?
–Suv quduqlari asosan yer osti suvlarining yotish chuqurligiga muvofiq qaziladi (taxminan 5-50 metr). Ularni qazishda asosan yer osti suvlarining ifloslanishdan muhofazalangan va suv tez yig‘iladigan (yer osti suvlari oqim yo‘nalishiga mos) joylar tanlanishiga e’tibor beriladi.
–Butun dunyoda suv tanqisligi muammosi xavf solmoqda. Xo‘sh, bu muammo quduqlarga ham tegishlimi?
–Albatta tegishli. Yer osti suvlari daryo va soy suvlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgani sababli, ularning o‘zgarishi yer osti suvlari zaxirasining kamayishiga, quduqlardagi suvlarning sathi pasayishiga va ularni qurib qolishiga olib kelishi mumkin.
Bugungi kunda butun dunyoda suv tanqisligi muammosi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada respublikada yer osti suvlaridan foydalanish va quduq burg‘ilash tizimini yanada takomillashtirish, yer osti suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi orasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilish, ularning miqdor jihatdan kamayib ketishi va ifloslanishining oldini olish hamda pirovard natijada aholini uzoq muddatli istiqbolda sifatli ichimlik suv bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
—Prezidentimizning yer osti suv resurslarini muhofaza qilish borasidagi qarorida quduqlar suvini hisoblash moslamalari bilan jihozlash belgilangan. Bu qanday tartibda amalga oshiriladi?
–O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 6-bandida yer osti suvlaridan foydalanuvchilarga 2024 yil 1 yanvarga qadar yer osti suvlaridan foydalanishning aniq hisobini yuritish maqsadida o‘z tasarrufidagi yer osti suv olish inshootlarini suv hisoblash vositalari bilan belgilangan tartibda jihozlash majburiyati yuklatilgan.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan boshlab suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan yer osti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanadi. Bunda jismoniy shaxslarga shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun yakka tartibda sutkasiga 5 metr kubgacha (sutkasiga 5000 litrgacha) bo‘lgan miqdorda yer osti suvlarini olish mustasno. Ya’ni, bunday quduqlarni suv hisoblash vositalari bilan jihozlash majburiy emas.
Mazkur qaror bilan respublikada quduq burg‘ilash va ulardan foydalanish bo‘yicha moratoriy joriy etiladigan, yer osti suvlari sathining pasayishi (5 m gacha va 5 m ortiq) va resurslarining kamayishi kuzatilayotgan quyidagi hududlar ro‘yxati ko‘rsatilgan:
- Navoiy viloyati (Nurota tumani);
- Samarqand viloyati (Nurobod, Payariq, Ishtixon, Urgut, Qo‘shrabot tumanlari);
- Jizzax viloyati (Forish, Zomin, Yangiobod, Sh.Rashidov tumanlari);
- Namangan viloyati (Kosonsoy, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Chortoq tumanlari);
- Farg‘ona viloyati (Beshariq tumani);
- Andijon viloyati (Izboskan, Jalaquduq, Xo‘jaobod, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa tumanlari);
- Qashqadaryo viloyati (Chiroqchi, Ko‘kdala, Koson tumanlari).
Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yer osti suvlarining ko‘p yillik o‘rtacha sathiga nisbatan suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadlariga gidrogeologik xulosa berish, yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sug‘orish taqiqlanadi. Bundan tasdiqlangan davlat dasturlari doirasida va jismoniy shaxslar tomonidan chuqurligi 25 metrgacha bo‘lgan quduqlarni burg‘ilash hamda sutkasiga 5 metr kubgacha hajmdagi yer osti suvlarini shaxsiy ehtiyojlar uchun yakka tartibda olish mustasno.
2023 yil 1 apreldan boshlab yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berishning amaldagi tartibi bekor qilindi hamda vazirlik tomonidan burg‘ilovchi sub’ektlarga yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma berish tartibi joriy etilib, o‘z tasarrufidagi burg‘ilash uskunalarini GPS-trekerlar bilan jihozlash va ularni doimo ishchi holatda saqlash majburiyati yuklatildi.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova
suhbatlashdi.