O‘zbekistonda “yashil” rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi
Toshkentda “Suv-iqlim xatarlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri va “yashil” rivojlanish imkoniyatlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Anjuman milliy iqtisodiyotning iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini oshirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va kam uglerodli rivojlanish modeliga o‘tish masalalariga bag‘ishlandi.
Seminar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Rossiyaning “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universiteti, GPB Banki (AJ) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston va Rossiyaning davlat organlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari hamda moliya institutlari vakillari ishtirok etdi. Jumladan, iqtisodiyot, moliya, energetika, suv xo‘jaligi va transport vazirliklari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Milliy statistika qo‘mitasi hamda ikki mamlakatning sohaviy ilmiy va ta’lim tashkilotlari mutaxassislari qatnashdi.
Rossiya ekspertlar jamoasi tarkibidan «Oliy iqtisodiyot maktabi» Milliy tadqiqot universiteti, Tabiiy resurslar iqtisodiyoti va iqlim o‘zgarishi instituti, Rossiya Fanlar akademiyasining A. M. Obuxov nomidagi Atmosfera fizikasi instituti va boshqa ilmiy muassasalar olimlari o‘rin oldi.
Ishtirokchilar suv va iqlim xatarlarining O‘zbekiston iqtisodiyoti, sanoati, qishloq xo‘jaligi, tashqi savdosi hamda aholi turmush sifatiga uzoq muddatli ta’sirini muhokama qildi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va elektr transportni rivojlantirish, kam uglerodli texnologiyalarni joriy qilish, energiya samaradorlikni oshirish va uglerodni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Iqlim o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligi nafaqat ekologik, balki muhim ijtimoiy-iqtisodiy muammoga aylanib borayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Alisher Salomov seminarda so‘zga chiqib, iqtisodiyotning o‘zgarib borayotgan iqlim sharoitlariga moslashtirishda izchil yondashuv zarurligini ta’kidladi.
– Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligi masalalari shunchaki ekologik kun tartibi doirasidan chiqib bo‘ldi. Mazkur muammolar milliy iqtisodiyot barqarorligi, qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi, energetika xavfsizligi, sanoat taraqqiyoti hamda aholi turmush darajasini oshirishga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu tahdidlar O‘zbekistondan o‘z vaqtida amalga oshiriladigan, tizimli va iqtisodiy jihatdan asoslangan yechimlarni talab etadi. Havo haroratining ko‘tarilishi, qurg‘oqchilik va suv resurslariga bo‘lgan bosimning kuchayishi butun boshli tarmoqlarning zaifligini oshirmoqda. Bunday sharoitda asosiy vazifamiz faqat iqlim xavflarini kamaytirish bilan cheklanib qolmay, balki sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga iqtisodiyotning chidamliligini izchil oshiribni ko‘zda tutadi. Biz “yashil” rivojlanishga iqtisodiy o‘sishning muqobili o‘rnida emas, balki uzoq muddatli barqarorlik va raqobatbardoshlikning asosiy sharti sifatida qaraymiz. Suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, yangi investitsiyalarni jalb etish va o‘sish nuqtalarini shakllantirishda keng imkoniyatlar ochadi.
Seminar yakunida ishtirokchilar kelgusi ilmiy va amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi. Ilmiy ma’lumotlar va tajriba almashinuvini kengaytirish, iqlim prognozini takomillashtirish, shuningdek, muayyan hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari uchun manzilli tavsiyalar tayyorlash shular jumlasidandir.
Iqtisodiyot va aholining suv hamda iqlim o‘zgarishlariga moslashishi bo‘yicha uzoq muddatli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, tarmoq va hududiy dasturlarni takomillashtirish, “yashil” rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va iqlim loyihalariga moliyaviy resurslarni jalb etishda ilmiy tadqiqotlar natijalaridan amaliy foydalanishga alohida ahamiyat qaratildi.
Tadbir doirasida taqdim etilgan ma’ruzalar va maxsus atlas muhim boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Ulardan foydalanish investitsiya ustuvorliklarini aniqroq belgilash, suv isrofini kamaytirish, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish hamda energiya ta’minoti ishonchliligini oshirishga yordam beradi.
Ishtirokchilar davlat tuzilmalari, ilmiy markazlar, xalqaro moliya institutlari va texnologik markazlar sa’y-harakatlarini birlashtirish iqlim xatarlarini samarali kamaytirish, suv va energetika xavfsizligini mustahkamlash hamda milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Seminar iqlimga moslashish hamda O‘zbekistonda “yashil” rivojlanishning barqaror modelini shakllantirishda xalqaro ilmiy hamkorlik hal qiluvchi o‘rin tutishini yana bir bor tasdiqladi.
Aziza Alimova, O‘zA