O‘zbekistonda xotin-qizlar iqtisodiy faolligi bo‘yicha yangi prognoz e’lon qilindi
Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish va mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida kompleks tadqiqot amalga oshirildi.
Tadqiqotda mamlakatdagi demografik jarayonlar, mehnat bozori ko‘rsatkichlari, ta’lim imkoniyatlari va xotin-qizlar bandligiga ta’sir etuvchi omillar o‘zaro bog‘liq holda tahlil qilindi.
Institut olimlari tomonidan 2010–2025-yillardagi statistik ma’lumotlar asosida ekonometrik prognoz baholashlari amalga oshirildi.
Tahlilda iqtisodiy faol xotin-qizlar soni asosiy natijaviy ko‘rsatkich sifatida olinib, ayollarning o‘rtacha yoshi, ishsizlar soni hamda oliy ta’lim tashkilotlari soni asosiy ta’sir etuvchi omillar sifatida tanlandi.
Ilmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy faol xotin-qizlar soni 2026-yildagi 6 million 970 ming nafardan 2030-yilga kelib 7 million 300 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Besh yil davomida mazkur ko‘rsatkich 330 ming nafarga yoki 4,7 foizga oshishi prognoz qilingan.
Tahlil natijalari iqtisodiy faol xotin-qizlar sonining o‘sishi, avvalo, demografik jarayonlar hisobiga ta’minlanishini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, mazkur o‘sishni munosib mehnat sharoitlari yaratish, sifatli bandlikni ta’minlash, barqaror daromad manbalarini kengaytirish hamda xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash bilan uyg‘unlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Institut tomonidan ishlab chiqilgan mazkur ilmiy prognoz mehnat bozori va gender siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, manzilli dasturlar samaradorligini oshirish hamda asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilishda muhim tahliliy manba bo‘lib xizmat qiladi.
M.HOJIAKBAROVA, O‘zA