Özbekistonda xizmat körsatgan jurnalist Salim Doniyorov yoş ijodkorlarga mahorat darsi ötdi
Özbekistonda xizmat körsatgan jurnalist Salim Doniyorov yoş ijodkorlarga eʼtibori, ularni qöllab-quvvatlaşga intilişi, jurnalistikaga endigina kirib kelayotgan qalamkaşlarga yöl-yöriq körsatişi bilan alohida ajralib turadi. Uning iştirokidagi mahorat darsi ham yoş jurnalistlar uçun tajriba almaşiş va yangi bilimlar oliş imkoniyati böldi.
Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi taşabbusi bilan «Yangi Özbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari boş muharriri Salim Doniyorov iştirokida «Mahorat maktabi» maşğuloti taşkil etildi.
Uçraşuv davomida yoş jurnalistlarga mavzu tanlaş, tahliliy maqola yoziş, tahririyat faoliyatini taşkil etiş va jurnalistning jamiyat oldidagi masʼuliyati haqida qimmatli tavsiyalar berildi.
Salim Doniyorov yoşlarni özlari qiziqqan mavzularda puxta, çuqur tahlilga asoslangan maqolalar yozişga undadi. Şuningdek, eng yaxşi material muallifiga bir stipendiya miqdorida qalam haqi beriş taşabbusini ilgari surdi. Bu taklif, şubhasiz, yoş qalamkaşlarning ijodiy izlanişlariga kuçli rağbat bölişi mumkin.
Ustoz jurnalist yana bir muhim jihatga alohida töxtaldi: jurnalist faqat muammoni kötariş bilan çeklanmasligi, balki uning kelib çiqiş sabablari, oqibatlari va ehtimoliy yeçimlarini ham körsata bilişi zarur. Zero, tahlil va xolislik har qanday sifatli jurnalistik materialning asosidir.
Muloqot çoğida bosma gazetalarning tarixiy ahamiyati, internet naşrlaridagi materiallarni uzoq muddat saqlaş bilan boğliq muammolar, şuningdek, mansabdor şaxslar faoliyatini tanqidiy yoritiş masalalari ham muhokama qilindi.
Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi maʼlumotlariga köra, Salim Doniyorov 1970-yilda Samarqand viloyatining Payariq tumanida tuğilgan. 1992-yilda Moskva davlat pedagogika universitetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 2009–2011-yillarda Özbekiston Respublikasi Prezidenti Akademiyasi huzuridagi Oliy biznes maktabida tahsil olgan. Filologiya fanlari böyiça falsafa doktori.
Mehnat faoliyatini 2001-yilda «Xalq sözi» va «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyatida muxbir sifatida boşlagan. Jurnalistik faoliyati davomida ijodiy salohiyati bilan bir qatorda rahbarlik qobiliyatini ham namoyon etgan. 2007-yilda mazkur gazetalar tahririyati boş muharriri örinbosari lavozimiga tayinlangan.
2011-yildan Fuqarolik jamiyati şakllanişini monitoring qiliş mustaqil institutida loyiha rahbari sifatida faoliyat yuritgan.
2017-yilda Özbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyişi bilan Prezident Devonining Jismoniy va yuridik şaxslar murojaatlari bilan işlaşni nazorat qiliş va muvofiqlaştiriş xizmati boş inspektori lavozimiga tayinlangan. 2018-yil yanvar oyida esa Prezident Devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qiliş, jismoniy va yuridik şaxslarning murojaatlari bilan işlaşni nazorat qiliş va muvofiqlaştiriş xizmati şöʼba mudiri etib tayinlangan.
2018-yil 23-mayda «Pravda Vostoka» gazetasi tahririyati boş muharriri bölgan. Keyinçalik, 2020-yil 5-yanvardagi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, «Yangi Özbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati boş muharriri etib tayinlangan.
Salim Doniyorov ijodkor jurnalist sifatida ham sermahsul faoliyat yuritadi. Uning turli mavzulardagi maqolalari jamoatçilik eʼtiborini qozonib kelmoqda. 2010-yilda «Oltin qalam» Milliy mukofoti uçun xalqaro tanlov ğolibi bölgan. 2020-yilda «Mehnat şuhrati» ordeni bilan taqdirlangan. 2025-yilda esa «Özbekiston Respublikasida xizmat körsatgan jurnalist» faxriy unvoniga sazovor bölgan.
[gallery-483802]
Ustoz jurnalist iştirokidagi mahorat darsi samimiy muloqot, fikr almaşuv va amaliy tavsiyalarga boy böldi. Eng muhimi, bu uçraşuv yoş qalamkaşlarga jurnalistikada izlaniş, masʼuliyat va xolislik naqadar muhim ekanini yana bir bor anglatdi.
Zero, tajribali ustozlarning hayotiy va kasbiy saboqlari yoş avlod uçun katta maktabdir. Bunday uçraşuvlar esa jurnalistikada avlodlar örtasidagi ijodiy vorisiylikni mustahkamlaşga xizmat qiladi. Mahorat darsi qatnaşçilarida yurtimizning “Yangi Özbekiston”dek eng yetakçi va nufuzli bosma media tuzilmasida öz isteʼdodlarini sinovdan ötkazişdek iştiyoqning paydo bölgani diqqatga sazovor.
Nazokat Usmonova,
Öktam Hayitov(foto),
ÖzA muxbirlari