O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki joriy yilning yanvar–sentyabr oylaridagi ichki valyuta bozori sharhini e’lon qildi.
Joriy yilda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab 42,7 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,5 foizga oshganini ko‘rsatmoqda. Shu davrda taklif hajmi (Markaziy bank operatsiyalarisiz) 34,4 milliard dollarga yetgan va 2024 yilga nisbatan 24 foizga o‘sgan.
Yuridik shaxslar tomonidan valyuta talabining o‘sishi 24 foiz, ularning valyuta taklifi esa 37 foiz bo‘lgan. Valyuta taklifining asosiy manbalaridan biri eksport tushumlari bo‘lib, joriy yilning shu davrida mazkur tushumlar 13 milliard dollarga yetgan.
Banklar orqali xorijiy kreditlar hisobiga valyuta taklifi hajmi 6,3 milliard dollarni tashkil etgan, bu esa oldingi yilga nisbatan 61 foizga ko‘p.
Jismoniy shaxslar banklarga 15,2 milliard dollar sotishgan. Bu 2024 yildagi ko‘rsatkichdan 1,3 barobar ortiq. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan valyuta sotib olish hajmi 8,5 milliard dollar bo‘lib, bu ham o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga ko‘p.
Jismoniy shaxslar tomonidan taklif qilingan valyuta hajmi talabdan taxminan 6,7 milliard dollarga ortiq bo‘lgan.
Yanvar–sentyabr oylari davomida so‘mning almashuv kursi 6,4 foizga mustahkamlandi. Shu bilan birga, kunlik kursning o‘zgaruvchanligi ikki barobarga oshgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, ichki valyuta bozorida valyuta oqimlarining ko‘payishi, eksport va valyuta daromadlarining o‘sishi hamda importning barqarorlashishi so‘mning mustahkamlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
So‘mda hisob-kitoblar va jamg‘arishlar faollashgan. Aholi va korxonalarning milliy valyutaga bo‘lgan ishonchi oshgan — banklardagi milliy valyutadagi depozitlar 23 foizga o‘sib, 205 trillion so‘mga yetgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA