Dunyo bo‘ylab millionlab uysiz hayvonlar o‘z taqdiriga tashlab qo‘yilgan. Jonzotlar shahar changalzorining og‘ir sharoitlarida omon qolishga majbur bo‘lgan. Qarovsiz hayvonlar soni haqida aniq ma’lumotlar yo‘q, ammo mutaxassislar ularning sonini butun dunyo bo‘ylab millionlardan iborat deb hisoblashadi.
Jonivorlar qadimgi davrlardan boshlab hozirgi kungacha insoniyat bilan yonma-yon yashab keladi. Dastlab qo‘lga o‘rgatilgan hayvon it bo‘lgani va u odamzodga ov jarayonida hamrohlik qilgani qator manbalarda keltirilgan.
Xo‘sh, O‘zbekistonda uysiz hayvonlarga yordam berish ishlari qay darajada tashkil etilgan?
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xodimlari tomonidan xayriya tadbiri o‘tkazildi. Aksiya doirasida mutaxassislar O‘zbekistondagi eng yirik itlar boshpanasi — “Hayot” maskanida bo‘lib, u yerda uy hayvonlari uchun oziq-ovqat xarid qilindi.

Tadbir davomida mutasaddilar boshpanadagi itlarga mehr ko‘rsatdi. Hayvonlarni sterilizatsiya qilish va emlash ishlari bajarildi.
Mamlakatda uysiz it-mushuklar nihoyatda ko‘p uchraydi va ular ko‘pincha odamlarning zulmi qurboni bo‘ladi.
2018 yilda ko‘chada qiyin ahvolda, uysiz qolgan jonivorlarni qabul qilib, parvarishlash, ularga g‘amxo‘rlik qilish maqsadida “Hayot” boshpanasi tashkil etilgan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda bu yerda 7000 dan ortiq daydi it parvarish qilinadi. Maskanga Toshkent viloyatining Qibray, Chirchiq, Parkent, Bo‘stonliq, Zangiota va boshqa hududlaridan qarovsiz qolgan itlar olib kelinadi. Qibray tumanidagi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda bu jonivorlar doimiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

- “Hayot” boshpanasiga har yili Brijit Bardo xalqaro fondidan mutaxassislar tashrif buyurishadi, hayvonlarni emlashadi, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishadi, -deydi boshpana rahbari Iroda Matkarimova. - Shu paytga qadar 6000 ga yaqin it uy-joylarga tarqatildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Brijit Bardo fondiga taniqli fransuz aktrisasi Brijit Bardo tomonidan 1986 yilda hayvonlarni himoya qilish maqsadida asos solingan. Fond Janubiy Afrikada fillar, Avstraliyada koalalar, Bolgariyada ayiqlar va Kamerunda maymunlar uchun boshpana yaratishga yordam bergan.
Ayni damda Markaziy Osiyoda ham qarovsiz hayvonlarni asrab qolish maqsadida faoliyat olib bormoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA