Munosabat
Joriy yil 9 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mamlakatda turizm va investitsiya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini qayta ko‘rib chiqish, samaradorligini baholash va istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashda muhim nuqtaga aylandi. Bu yig‘ilish sohaviy muammolarni hal etish bilan bir qatorda, kun tartibidagi masalalar orqali O‘zbekistonning iqtisodiy modelini yangilashga qaratilgan uzviy strategiyaning ajralmas qismini ham tashkil etadi.
Turizm sohasidagi o‘zgarishlar hududiy iqtisodiyotni faollashtirishga xizmat qilmoqda. Turistik salohiyatga ega hududlarni aniqlab, ularni qishki, shifobaxsh, ekstremal yoki ziyorat turizmi nuqtai nazaridan qayta shakllantirish – jonlanmagan hududlarni iqtisodiy aylanmaga kiritishni anglatadi. Shu yo‘l bilan aholi daromadlari oshirilishi, infratuzilma mustahkamlanishi va ichki migratsiyani cheklash kabi muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar hal etila boshladi.
Yangi turistik platformalar, elektron viza, yagona turistik karta kabi raqamli yechimlar esa faqat xizmat ko‘rsatishni osonlashtirishda emas, balki shaffoflik, hisobdorlik va raqobatni kuchaytirishda muhim vositaga aylanmoqda. Bu – davlat xizmatlarining raqamlashuvi bilan parallel ravishda turizmni iqtisodiy tizimning to‘laqonli sektori sifatida tan olish demakdir.
Ichki turizmning faollashishi esa ijtimoiy birdamlik va milliy integratsiya nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. O‘zaro hududiy sayohatlar orqali madaniy tanishuv va milliy mushtaraklik mustahkamlanadi. Bu jarayon faqat iqtisodiy emas, balki milliy ruhiyatni shakllantiruvchi omil sifatida ko‘riladi.
Shu bilan birga, madaniy merosni muhofaza qilish va uni iqtisodiy aylanmaga kiritish o‘rtasida muvozanatni topishga intilish kuzatilmoqda. Bu davlat resurslarini optimallashtirish, xususiy sektorni jalb etish va tarixiy ob’ektlarni aholi uchun hayotiy, foydali makonga aylantirishga xizmat qiladi. Meros ob’ektlari faqat saqlanmasligi, balki foyda keltiradigan aktivga aylanishi – mutlaq yangi yondashuvdir.
Shuningdek, 2025 yilda Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Kuvayt va Fransiyaga tashriflar chog‘ida 39 milliard dollarlik 178 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Investitsiya siyosatidagi yangilanishlar mamlakatni global iqtisodiy maydonga olib chiqmoqda.
Joriy yilda davlatimizga 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish ko‘zda tutilgan. Har bir investitsiyaviy kelishuv ortida ish o‘rni, eksport mahsuloti, yangi texnologiya va ma’lum bir hududdagi ijtimoiy o‘zgarish turibdi. Bu nafaqat chet el sarmoyasini jalb etish, balki mahalliy loyihalarning internatsionallashuvi, moliyaviy tizimning global standartlarga moslashishi va yangi ishlab chiqarish qiymat zanjirlarining shakllanishi demakdir.
Eng muhimi, bu islohotlar faqat markaziy darajada emas, balki har bir tuman va viloyatda “o‘zgarishlar nuqtasi”ni yaratishga qaratilgan. Bu esa respublika miqyosidagi inklyuziv rivojlanishni ta’minlash, fuqarolarning islohotlardagi ishtirokini kengaytirish va taraqqiyotni umummilliy harakatga aylantirish imkonini yaratadi.
Mamlakat xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilish orqali yangi turdagi institutsional sifatga o‘tish yo‘lidan bormoqda. Ayni vaqtda xalqaro moliya tashkilotlari bilan energetika, transport, agrar, kommunal va ijtimoiy sohalarda 20 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar endilikda taktik qadamlar emas, balki strategik paradigma almashuviga xizmat qilmoqda. Bu paradigmada hududiy muvozanat, raqamlashtirish, tashqi bozorga integratsiya va fuqarolik jamiyatining faollashuvi markaziy o‘rinni egallamoqda. Bunday yondashuv mamlakat taraqqiyotida barqaror, inklyuziv va tizimli o‘sishni ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli maqsadlar sari ishonchli qadamlardir.
Nilufar DONIYORXO‘JAEVA,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori o‘rinbosari.
O‘zA