Vatanimiz tarixidagi 1 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1781 yil (bundan 244 yil oldin) – Buxoro hukmdori Rossiyadan Buxoroga elchi qilib yuborilgan Mendiyar Bekchurinni qabul qildi. Tarixchi olim Hamid Ziyoyevning qayd etishicha, bu voqeaga oid hujjatlar Buxoroda elchilarni qabul qilish marosimi va tartiblari haqidagi ma’lumotlardan darak beradi. Hujjatlarda qayd qilinishicha, qabul vaqtida hukmdor oq suvsar po‘stin va telpak kiygan, xanjar taqqan holda unchalik baland bo‘lmagan va zarhalli parchalar bilan bezatilgan taxtda o‘tirgan. Elchilarni qabul qilishga mas’ul bo‘lgan shaxslardan biri – jarchiboshi Mendiyar Bekchurinni hukmdordan 3 gaz (qariyb 2 metr) masofa berida to‘xtatib, undan hukmdor nomiga olib kelingan xatni olgan.
Shundan so‘ng elchini otaliqdan keyingi yettinchi o‘ringa o‘tqizishgan. Ziyofat uyushtirilib, dasturxonga palov va qovurilgan qo‘y go‘shti keltirilgan. Hammaga yog‘och qoshiq berilgan. Bu vaqtda nay va childirma jo‘rligida qadimgi jangchi va xonlarning jasoratini madh etuvchi ashulalar aytilgan. Ziyofat oxirida hukmdor va boshqa kishilar sha’niga ham ashulalar kuylangan. Ziyofatdan so‘ng Mendiyar Bekchurin shig‘ovul boshchiligida kuzatib qo‘yilgan. Qabul marosimida hukmdor va uning atrofidagi amaldorlar bilan hech qanday muzokara bo‘lmagan. Shuning uchun ham elchi hukmdor va boshqa davlat arboblari bilan suhbat o‘tkazilishini bir necha marotaba so‘ragan. Biroq uning bu iltimoslari inobatga olinmagan.
1883 yil (bundan 142 yil oldin) – Toshkent kimyo laboratoriyasi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, laboratoriyaning tashkil etilishiga 1869 yil oxirida ruxsat berilgan, ammo bu boradagi amaliy harakatlar 1870 yilning may oyida boshlangan edi. Dastlab ushbu laboratoriya Turkiston general-gubernatori huzurida faoliyat yuritgan tog‘-kon ishlari bo‘limi amaldori qoshida bo‘lgan va ruda hamda qorishmalarni tahlil qilish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik ushbu laboratoriyaning faoliyat ko‘lami kengayadi va unda sud-tibbiyot ekspertizasi, ruda, tuproq jinslari va sanitariya tahlillari, meterologik kuzatuvlar o‘tkaziladi.
Tadqiqotchi A.Nazarovning qayd etishicha, Toshkent kimyo laboratoriyasi hujjatlari O‘zbekiston Milliy arxivining I-73 jamg‘armasidan o‘rin olgan bo‘lib, unda tahlillarni olib borish dasturi va qoidalari, laboratoriyani boshqarishga doir yozishmalar, turli buloq suvlarning tahlili, sud-tibbiyot amaliyoti haqida hujjatlar mavjud. Shuningdek, meteorologik kuzatuv jadvallari va Bosh geodeziya observatoriya bilan o‘quv kuzatuvlar borasidagi yozishmalar ham bor. Laboratoriya hujatlarini o‘z ichiga olgan jamg‘arma jami 307 ta saqlov birligdan iborat.
1885 yil (bundan 140 yil oldin) – Toshkent pochta idorasi mijozlardan telegrammalar qabul qilishni boshladi. O‘zbekistonda telegraf aloqasi XIX asr oxiriga kelib Toshkent – Orenburg telegraf tarmog‘i ochilishi bilan boshlangan. O‘lkada telegraf aloqasi joriy etilishining asosiy sabablaridan biri Rossiya hukumatining bu yerda ro‘y berayotgan voqea-hodisalardan tezroq xabardor bo‘lish istagida mujassam bo‘lgan. Dastlab harbiy maqsadlar va o‘lka ma’muriy boshqaruvida foydalanilgan telegrafdan keyinchalik oddiy aholi ham foydalanish imkoniga ega bo‘lgan. 1889 yilda Toshkent, Buxoro, Chorjo‘y va Karki telegraf tarmog‘iga Xiva ham qo‘shilgan.
1887 yil (bundan 138 yil oldin) – Turkiston general-gubernatorligining Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Kaspiyorti va Yettisuv viloyatlarida statistika qo‘mitalari tuzildi. Bundan oldin – 1868 yil 22 yanvarda Turkiston statistika qo‘mitasi tuzilgan bo‘lib, viloyat statistika qo‘mitalari uning o‘rniga tashkil etildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, tarixan statistika amaliyoti davlatlatchilik yuzaga kelishi bilan boshlangan. Qadimgi davrlardayoq xo‘jalik va harbiy ehtiyojlar, aholi, yer, mol-mulk hisobi bo‘yicha statistika ishlari amalga oshirilgan.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – ma’rifatparvar shoir Hoji Muin Shukrullo o‘g‘lining tashabbusi bilan “Mehnatkashlar tovushi” gazetasiga ilova sifatida “Tayoq” nomli kulgi jurnali ta’sis etildi. Hoji Muin mazkur jarnal haqida o‘zining “Samarqand matbuoti tarixi” nomli maqolasida quyidagicha qayd etgan edi: “«Mehnatkashlar tovushi»da bir necha vaqt bosilib turg‘on «Shapaloq» va «Tayoq» ismlaridagi bandlar xalqning rag‘bat va diqqatini o‘ziga jalb etgani uchun hukumat «Tayoq» otliq hajviy bir majmua chiqarishg‘a ijozat berdi. Bu majmua 1920 yil yanvarida o‘n besh kunda bir karra chiqa boshladi. «Tayoq» jurnali «Mehnatkashlar tovushi»ning tahrir hay’ati tomonidan yozilar edi. Huruf va kog‘oz ozlig‘i uchun bu majmua 8 sonida to‘qtaldi”.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston Qahramoni Zikir Muhammadjonov tavallud topdi (vafoti 2012 yil). U 1943 yildan boshlab hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatrida aktyor sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Zikir Muhammadjonov o‘zbek sahnasida Shukur Burhonovdan keyin taniqli davlat arboblari obrazini gavdalantirishga kirishgan aktyor hisoblanadi. U o‘z yo‘li, o‘z yo‘nalishi va o‘z aktyorlik iqtidoriga tayangan holda bu ulkan ishni muvaffaqiyat bilan bajardi. U 1994 yilda “Do‘stlik”, 1998 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – Toshkentda O‘zbek tili va imlosiga bag‘ishlangan birinchi qurultoy boshlandi. Unda harf va imlo, sarf va nahv, sanoyi nafisa va adabiyot masalalari, Maorif komissarligi qoshida «Ilmiy hay’at» tuzish kabi masalalar ko‘rildi. Harf (alifbo) va imlo masalalari bo‘yicha Fitrat, Ashurali Zohiriy va Botu (M.Hodiyev) ma’ruzalari tinglandi.
1922 yil (bundan 103 yil oldin) – Buxoro respublikasida matbaa usulida qog‘oz pullar chiqarildi. Bu pullar tanga deb yuritilgan. Biroq inflyatsiya tufayli shu yilning aprelidan tanga kursi 500 ming chervon (tilla pul), noyabr oyida 850 ming chervonni tashkil qilgan. 5 dekabrdan 1000, 2500, 5000 so‘mlik qog‘oz aqchalar chiqarilib, u so‘m deb yuritilgan.
1922 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkistonda «ochlik solig‘i» joriy etildi. Bu soliq kishloq va shaharlardagi qashshoklashib kolgan aholining moddiy ahvolini hisobga olmasdan turib joriy etilgan. Turli xil yo‘llar bilan 1922 yil 1 yanvardan 1 dekabrgacha Turkiston respublikasi ochlarga yordam ko‘rsatish markaziy komissiyasi jamg‘armasiga 24,5 mln so‘m pul, 69 mln pudga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari, 14,4 ming dona kiyim-bosh to‘plangan. To‘plangan mahsulotlarning asosiy qismi Turkistonga kelgan kochoqlarga va Rossiyaning ochlikdan qiynalayotgan markaziy guberniyalariga yordam tarikasida jo‘natilgan. O‘lka aholisiga joriy etilgan bu soliq natijasida 1922 – 1923 yillarda Turkistonda, ayniqsa, Farg‘ona viloyatida ocharchilik qaytadan boshlanadi.
1931 yil (bundan 94 yil oldin) – haykaltarosh, O‘zbekiston xalq rassomi Abdumo‘min Boymatov dunyoga keldi. U “Abu Ali ibn Sino” (yog‘och, 1967), “Xorazmiy” (yog‘och, 1972), “Forobiy” (gips, 1974), “Alisher Navoiy” (bronza, 1991) kabi mahobatli yodgorliklar muallifi.
1973 yil (bundan 52 yil oldin) – O‘zbekiston televideniyesi ko‘rsatuvlari rangli tasvirda berila boshlandi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – haftada besh marta, o‘zbek va rus tillarida chop etiladigan “Xalq so‘zi” – “Narodnoye slovo” gazetalarining birinchi soni chiqdi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Malayziya O‘zbekiston mustaqilligini rasman tan oldi. Shu yilning 21 fevralida ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Natijada 1993 yil iyunda Toshkentda Malayziya elchixonasi, 1999 yil dekabrda esa Kuala-Lumpurda O‘zbekiston elchixonasi o‘z faoliyatini boshladi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – Yangi 2001 yilning 1 yanvar kuni, Grinvich vaqti bilan soat 00 da, Yer kurrasida uchinchi ming yillik boshlanayotgan paytda toshkentlik maktab o‘quvchisi 12 yoshli Anastasiya Melnikova zo‘r mushakbozlik sadolari ostida planetamizning Janubiy qutbi uzra Birlashgan Millatlar Tashkilotining zangori bayrog‘ini ko‘tardi.
Oradan bir necha lahza o‘tgach, Yangi yilning dastlabki daqiqalarida ko‘tarilgan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ham hilpiray boshladi. Yurtimizdan juda olisdagi Antarktidaning muz bosgan kengliklarida serquyosh O‘zbekiston madhiyasi tantanavor yangradi.
Bu ulug‘vor voqea BMTning Antarktidadagi Xalqaro loyihasi “Dunyoni narkotik moddalardan xalos etamiz” shiori ostidagi “Istiqbolli dunyo – yangi ming yillik yo‘li” loyihasining yakunlovchi bosqichi bo‘ldi. Vatandoshlarimiz Amerikaning O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan “Ay-Pi-Vi-Nyus” telekompaniyasi ekspeditsiya guruhi tarkibida muz qit’asiga borgan edilar.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – yurtimizda “Sport” telekanali o‘z faoliyatini boshladi.
2008 yil (bundan 17 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi bekor qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA