O‘zbekistonda aloqa operatorlari soxta raqamlar orqali qilinayotgan qo‘ng‘iroqlarni avtomatik tarzda bloklaydigan “anti-spoofing” tizimini joriy etdi. Bu haqda Beeline, Mobiuz operatorlari xabar berdi. Yangi tizim Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.
Yangi tizim orqali, agar qo‘ng‘iroq xorijdan qilinsa, ammo raqam mahalliy — masalan, +998 kodi bilan boshlansa, tizim bu mos kelmasligini aniqlab, qo‘ng‘iroqni avtomatik tarzda to‘sadi. Shu yo‘l bilan firibgarlar endi xorijdan o‘zini O‘zbekiston abonenti sifatida ko‘rsatib, fuqarolarni chalg‘ita olmaydi.
«Anti-spoofing» xizmati abonentlar uchun bepul va avtomatik ravishda faollashtirilgan. Ya’ni foydalanuvchiga hech qanday qo‘shimcha harakat talab etilmaydi. Himoya tizimi allaqachon ishlayapti.
“Mobiuz” ma’lumotiga ko‘ra, tizim 2025 yil sentyabridan buyon faoliyatda va bir oy ichidayoq firibgarlardan kelayotgan minglab qo‘ng‘iroqlar abonentlarga yetmasdan bloklangan.
M.Hojiakbarova, O‘zA