Vabo kasalligining chet davlatlardan kirib kelmasligi uchun davlat chegaralarini kesib o‘tish joylarida faoliyat yuritayotgan sanitariya karantin punktlarining hushyorligi oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov vabo kasalligi va uni oldini olish yuzasidan ayrim ma’lumotlarni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, Afg‘onistonda aniqlangan vabo kasalligi O‘zbekistonga kirib kelgani haqida tarqalgan ma’lumotlar mutlaqo yolg‘on. O‘zbekistonda shu paytga qadar biror marta vabo kasalligi aniqlanmagan.
VABO (cholera) — ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvolning og‘irlashuvi va organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan o‘tkir infeksion o‘ta xavfli ichak kasalliklaridan biri xisoblanadi.
Vabo dastlab (1816) Hindistonda — Gang daryosi vodiysida paydo bo‘lgan va u yerda turmush sharoiti og‘ir bo‘lganligi uchun aholining boshqa davlatlarga ko‘chib ketishi barobarida kasallik dastlab Yevropaga, keyinchalik butun dunyoga tarqalgan.
Vabo vibrioni daryo suvida 18 kundan 5 oygacha, muzda bir necha oy, ariqlarda bir necha kun, dengiz suvida ikki hafta, sovuq vaqtda najasda bir necha oy, axlat chuqurlarida 3 oygacha, ichki kiyimlarda 2 oy, qum tuproqda bir necha oy, suv havzalarida 15-30 kun, sut va yog‘da bir oygacha, kartoshkada 2 haftagacha, ho‘l mevada bir necha kungacha tirik qolishi mumkin.
Dezinfeksiyalovchi moddalar vibrionni tez o‘ldiradi. Suv qaynatilganda ham vibrion tez o‘ladi.
Klassik vabo og‘ir utib, bemor yotib qoladi, kasallik belgilari (tez-tez ich ketishi, qusish, shuning natijasida organizmning suvsizlanishi, shuningdek, tana harorati pasayishi, muskullarning tirishishi va intoksikatsiyaning boshqa belgilari, yurak urishining susayishi kuzatiladi) aniq ko‘rinadi, shunga ko‘ra kasallik vabo boshlanishi bilanoq tezda aniqlanadi.
El-Tor vabosi esa aksariyat hollarda yengil o‘tadi. Vabo belgilari bo‘lmagani holda sog‘lom vibrion tashuvchilar ko‘p uchraydi, shu bois El-Tor vabosini aniqlash klassik vaboni aniqlashga nisbatan qiyinroq kechadi.
Vabo yuvuqsiz qo‘l, kir kiyimbosh va gigiyena vositalari orqali ham yuqishi mumkin. Vabo vibrionlari tushgan suvni iste’mol qilish natijasida kelib chiqqan vabo epidemiyalari qisqa vaqtda ko‘p aholini zararlashi mumkin.
Respublikamizda doimiy ravishda tashqi muhit ochiq suv havzalaridan alohida grafik asosida namunalar olinib AG, NAG vibrionlariga laboratoriya tekshirishlari o‘tkazilib turiladi.
Laboratoriya tahlillarida bunday vibrionlar aniqlangan hududlarda kasallikning aholi o‘rtasida kelib chiqishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, yuqumli kasalliklar shifoxonalarida, oral-regidratatsiya punktlarida o‘tkir diareyaga chalingan bemorlarni sog‘liqni saqlash vazirining amaldagi buyruqlari talablari asosida vaboga tekshirilishi tashkil etiladi.
Kasallik mavsumida har bir diareya kasalligiga chalingan bemorlar yuzasidan chuqur epidemiologik surishtiruv ishlari o‘tkaziladi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining maxsus laboratoriyalari vabo kasalligining tashxisoti bo‘yicha namunalarni muntazam olib tahlil qiladi. Buning uchun kerakli jihozlar, reaktivlar va ozuqa muhitlari bilan yetarli miqdorda ta’minlangan.
Laboratoriya mutaxassislarini qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.
Shuningdek, aholi yashaydigan joylarni, oqova suvlarni tozalash, suv havzalarining sanitariya ahvolini himoya qilish, suv ta’minoti, oziq-ovqat va umumiy ovqatlanish korxonalarini muntazam nazorat qilish, pashshalarni ko‘payishini oldini olish lozim.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA