Joriy yil aprel-iyun oylarida mamlakatimizga xorijdan uch milliondan ziyod sayyoh tashrif buyurdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi har oyda barqaror ravishda bir million kishidan oshgan. Bu nafaqat mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishni tasdiqlovchi tarixiy natija, balki turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ko‘rsatuvchi dalildir.
2024 yilning shu davriga nisbatan xorijlik sayyohlar soni qariyb 20 foizga ko‘paygani soha uchun katta yutuq hisoblanadi. 2025 yil aprelda O‘zbekiston birinchi marta bir oy davomida 1 milliondan ortiq xorijlik sayyohni qabul qildi, may oyida esa yangi rekord o‘rnatildi – 1,1 million sayyoh. Iyunda 1,1 millionga yaqin sayyoh yurtimizga tashrif buyurdi.
Mamlakatimiz imijini oshirish, vizasiz rejimni kengaytirish, sohaga sarmoyalar jalb qilish hamda xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalari va forumlarda faol ishtirok etish borasidagi sa’y-harakatlar tufayli o‘sish sur’ati davom etmoqda.
Oldinda yanada ulkan vazifalar kutmoqda. Istiqbolda xalqaro standartlarga mos keladigan sayyohlik xizmatlari doirasini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Global bozorda tobora ommalashib borayotgan ekologik va barqaror turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zA